Breaking News

Demokratlar o’z rejalarini amalga oshirishi uchun ikki yil vaqt


Oq uy va Kongress demokratlar qo’lida
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:07 0:00

Qo’shma Shtatlarda demokratlar saylovlar ketidan nafaqat Oq uyni, balki Kongressda ham nazoratni qo’lga oldi. Shunday ekan, ular kelasi ikki yilda katta o’zgarishlar qilish imkoniga ega. Keyin yana Kongressga saylovlar.

46-Prezident Jo Bayden oldida ulkan muammolar. Birinchi navbatda, 400 mingdan ortiq amerikalikni hayotdan olib ketgan koronavirusni jilovlash lozim.

“Bu Kongressdan COVIDga qarshi kurash uchun moliya ajratishni, men taklif etayotgan yordam paketini qabul qilishni taqozo etadi”, - deydi u.

Vitse-prezident Kamala Harrisning ovozini qo’shib hisoblaganda, Senat endi demokratlar qo’lida. Chak Shumer ularning lideriga aylandi.

“Senat avvalo mamlakat yuzlashib turgan tibbiy va iqtisodiy inqiroz bilan shug’ullanadi. Shuningdek, irqiy va iqtisodiy tenglikni ta’minlash, barchaga birdek imkoniyatlar yaratish ham kun tartibida bo’ladi”, - deydi Shumer.

Demokratlar bir qancha dasturlarni amalga oshirmoqchi. Ular saylovda Oq uy va Kongressni qo’lga kiritgani bu ishda yordam beradi.

“Oq uyda ularning partiyasi vakili o’tirgani albatta demokrat qonunchilarga ma’qul. Kongressdan keladigan har qanday qonun loyihasiga prezident imzosini olish osonlashadi. Veto haqida xavotir olishga hojat yo’q. Bular hammasi demokratlar ko’pchilik o’rinlarni qo’lga kiritgani bilan bog’liq”, - deydi professor Keysi Burgat.

Senatda demokratlar yetakchisi Chak Shumer
Senatda demokratlar yetakchisi Chak Shumer

Biroq Kongressda demokratlar kichik farq bilan ustun xolos. Senatda, masalan, 60 ta ovoz talab qiladigan ayrim loyihalarni respublikachilar to’sish imkoniyatiga ega.

Vakillar palatasida ham demokratlar respublikachilardan taxminan 10 taga ko’p. Palata spikeri Nensi Pelosi raqib partiya bilan hamkorlik haqida gapirmoqda.

“Imkon bo’lganda til topishib ish yuritishga mas’ulmiz”, - deydi Pelosi.

Kun tartibidagi bosh masala – iqtisodiyotni tiklash uchun navbatdagi yordam paketini qabul qilishdir. Senat, shuningdek, Bayden vazirlikka tanlagan nomzodlarni tezroq tasdiqlash harakatida.

Bu orada, prezidentlik saylovidan keyin ro’y bergan voqealar yuzasidan tekshiruvlar davom etmoqda. Fevral o’rtalariga borib, sobiq prezident ustidan Senatda sud jarayoni boshlanadi.

“Jarayon muvaffaqiyatli yakuniga yetadi degan umiddaman. Impichment qilinayotgan prezident ustidan Kongressda sud o’tishi hukumat hisobdorligining yaqqol namunasidir. Sobiq rahbar ustidan hech qachon bunday mahkama o’tmagan. Lekin bu qonun oldida hamma teng ekanini, prezident ham qonundan ustun turmasligini ko’rsatish uchun muhim”, - deydi Burgat.

Donald Trampni g’alayon qo’zg’atishda aybdor deb topish va uni kelgusi saylovlarda qatnashish huquqidan mahrum qilish uchun 17 respublikachi senator demokratlarga qo’shilib ovoz berishi kerak bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG