Oq uydagi ikkinchi kunida Prezident Jo Bayden koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash rejasini e’lon qilib, aholini emlashni tezlashtirish, virusga test topshirish markazlarini ko’paytirish va maktablarni qayta ochishga tayyorgarlik ko’rishga qaratilgan 10 farmon imzoladi.
COVID-19 shu kungacha 400 mingdan ziyod amerikalikni hayotdan olib ketdi. AQShda o’tgan bir hafta ichida har kuni o’rtacha 200 ming kishi virusga chalingan. 20-yanvarda 4367 ta o’lim qayd etilgan.
Pandemiyani nazorat ostiga olish, deydi Bayden, hukumat uchun prioritet.
“Bunday ahvol bir kunda shakllangani yo’q va uni yaxshilash uchun bir necha oy kerak bo’ladi, - dedi Bayden Oq uydan qilgan murojaatida. – Ammo pandemiyani yengamiz”.
Prezident kelasi oy o’lim ko’rsatkichi 500 mingdan oshishi mumkin, deya ogohlantirdi. U Kongressdan so’rayotgan 1,9 trillion dollarlik navbatdagi yordam paketida virusga qarshi kurashish uchun 400 million dollar ajratish ko’zlangan.
Rejaga ko’ra, mamlakat bo’ylab stadion, gimnaziya va konferensiya zallarida vaksinatsiya markazlari tashkil etiladi. Bu ishga federal agentliklar, shifokorlar va hatto harbiylar jalb qilinishi mumkin.
Shtatlardan 65 yoshdan kattalarni, shuningdek, muhim deb ko’rilgan vazifalarni bajaruvchi xodimlar, o’qituvchilar va oziq-ovqat do’konlari ishchilarini emlash so’raladi.
Maqsad – 100 kunda 100 million doza vaksinani ishga solish. Tramp prezidentligi davrida bir oydan oshiq vaqt mobaynida 17 million kishi emlangan edi. Rejani amalga oshirish uchun resurslar yetarli, demoqda rasmiylar, Kongress mablag’ ajratsa bo’lgani.
“Vaksinatsiya bo’yicha strategiya ishlab chiqqanmiz. Uni shoshilinch tarzda tatbiq etishga tayyormiz, lekin Kongressdan ham tezkorlik kutamiz”, - deydi Oq uyda koronavirus bo’yicha koordinator Jeff Zients.
Bayden ma’muriyati rasmiylari saylovdan keyingi ikki oy mobaynida Tramp ma’muriyati koronavirus bo’yicha hamkorlik qilmaganini qayd etadi. O’tgan oylar ichida vaksina qanday strategiya asosida tarqsimlangani haqida to’liq tasavvurga ega emasmiz, deydi ular.
Bayden imzolagan farmonlardan biri COVID-19 qa qarshi kurashda yetishmayotgan 12 turdagi anjom va mahsulotlarni ishlab chiqarishni tezlashtirishga qaratilgan, xususan vaksina, N95 niqobi, xalat, qo’lqop, test topshirish anjomlari, laboratoriya uskunalari va terapevtik dorilar. “Mudofaa uchun ishlab chiqarish” (Defense Production Act) to’g’risidagi 1950-yilgi qonun ishga solinadi.
“Qo’limizda nima bor, nima yo’q, pandemiyani tugatish uchun Amerikaga nimalar kerak, qanday yetishmovchilik bor – hammasini ro’yxat qilayapmiz”, - deydi bu ishga bosh-qosh rasmiylardan yana biri Tim Menning.
Favqulodda vaziyatlarni boshqarish agentligiga (FEMA) vaksinatsiya hamda Milliy gvardiyani yordamga jalb qilish bilan bog’liq shtatlar xarajatlarini qoplash buyurilgan.
Boshqa farmon va ko’rsatmalar quyidagilarni o’z ichiga oladi:
- Samolyot, avtobus va aeroportlarda niqob taqish; AQShga uchayotganlar COVID testidan o’tib, manfiy natijani ko’rsatishi lozim
- Yangi muolaja yo’llarini topish uchun ko’proq tadqiqot va sinovlar o’tkazish
- Vaksinatsiya va pandemiya haqida ommaga ko’proq ma’lumot berish
- Maktablarga qayta ochilish hamda korxonalarga o’z xodimlari salomatligini ta’minlash bo’yicha ko’rsatmalar berish; maktablarni toza saqlash va dezinfeksiyalash uchun mablag’ bilan ta’minlash
- Pandemiya jamiyatning turli qatlamlariga, xususan ozchilikdagi jamoalarga qanday ta’sir qilganini o’rganish va tezkor guruh tuzish
Jo Baydenning COVID-19 bo’yicha bosh maslahatchisi Entoni Fauchi AQSh Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga (JSST) qayta qo’shilishini ham e’lon qildi. Sobiq prezident Tramp tashkilot bilan aloqalarni uzgan edi.
Fauchiga ko’ra, AQSh JSSTning boy va kambag’al mamlakatlarga vaksina va doir yetkazish sa’y-harakatlariga qo’shiladi, xalqaro tashkilotga moliyani ham tiklaydi.
Facebook Forum