Jo Bayden prezidentlikka tayyorlanar ekan, Amerika iqtisodiyoti og'ir ahvolda ekani va yaqin kelajak oson kechmasligini tan olmoqda. Lekin mamlakat bu qiyinchiliklarni albatta yengadi, deydi u.
Bo'lajak rahbar iqtisodiyotni boshqarish uchun kimlarni tanlaganini e'lon qilib, Kongressni aholiga yordam berishga chaqirdi. Uning fikricha, bu qaror iloji boricha tezroq qabul qilinishi kerak.
Bayden deydiki, xalq bunday ko'makka muhtoj va koronavirusdan chiqish uchun yangi reja ishlab chiqish zarur.
20-yanvarda prezidentlik qasamyodi keltiradigan demokrat har bir amerikalik ravnaqini o'ylab siyosat yuritishga so'z bermoqda.
Mamlakatda har kuni o'nlab ming odamda virus aniqlanar ekan, iqtisodni tiklash murakkablashib bormoqda. Ayrim sektorlar o'zini tiklay boshlagan, ammo bu boy qatlam uchungina foyda, deydi Bayden. O'rtahol amerikaliklar va quyi qatlam qattiq qiynalmoqda.
“Oktabr oyida ijarada yashaydigan har olti amerikalikdan biri haqini to'lay olmagan", - deydi u.
Moliya vaziri lavozimiga ko'rsatilgan Janet Yellen nazarida hozirgi vaziyat millionlab amerikaliklar uchun fojiali.
"Zudlikda harakat qilishimiz kerak", - deydi Yellen. "Amerika xalqi mehnatkash, irqiy va jinsiy tenglikka intilish lozim. Siyosat to'g'ri belgilansa, pandemiyani albatta yengamiz".
Bayden AQSh byudjet idorasi rahbarligiga oldingi demokratik prezidentlar bilan ishlagan Nira Tandenni tanlagan. Moliya vazirligi singari bu organni ham shu paytgacha ayol kishi boshqarmagan.
Volly Adeyemo, tajribali iqtisodchi va siyosatdon, moliya vaziri o'rinbosari bo'lishga shaylanmoqda.
Adeyemo qatori yana bir afro-amerikalik, Sesiliya Ruz, Oq uyda Iqtisodiy kengash direktori bo'ladi. Bu idorani ham bugungacha qora tanli odam boshqarmagan.
Ikki taniqli iqtisodchi Jared Bernstin va Xezer Bushi ham bu kengash a'zosi bo'lishi kutilmoqda.
Bayden uning ma'muriyati irqiy va jinsiy jihatdan bugungi Amerikani aks ettirishini va'da qilgan.
Koronavirus sabab AQShda 22 million ish o'rni boy berildi. O'tgan oylarda ularning ko'pi qayta tiklandi. Har hafta 700 mingdan oshiq odam ishsizligi uchun hukumatdan yordam so'ramoqda.
Facebook Forum