AQSh Mehnat vazirligiga ko'ra, o'tgan bir oy ichida ishsizlar soni yanada oshib, haftasiga 700-800 ming kishi davlatdan yordam so'rab, murojaat qilgan. Koronavirusga chalinish hollari o'tgan ikki haftada ikki millionni tashkil etgani hisobga olinsa, bugungi ahvol bag'oyat og'ir, deydi tahlilchilar.
Iyul oyida ishsizlik darajasi ancha tushganida iqtisod o'zini tiklayapti, deya xulosa qilingan edi.
Ayni damda, vazirlikning tasdiqlashicha, 6,1 million amerikalik ishsiz. Mehnatga layoqatli aholining 4 foizdan oshig'i.
Aprel oyida 15 foizga yaqin odam shu holatda edi, deya eslatadi Tramp ma'muriyati.
Virus keng tarqalishda davom etarkan, shtat hukumatlari va mahalliy hokimiyatlar chora-tadbirlarni kuchaytirmoqda. O'tgan oylarda ayrim cheklovlar bekor qilingan edi.
Bugunga kelib, ular tiklangan. Xususan odamlar faqat uydan ishlashi lozim. Xizmat ko'rsatish sektorida mijozlar bilan bevosita aloqa qiladigan xodimlar sonini kamaytirish zarur.
Do'konlar kamroq soatga ochiq. Konsertlar, tomosha va dasturlar bekor qilingan. Qishda tashqarida vaqt o'tkazmay, uyda o'tiring, degan targ'ibot avjida.
Bayramlarni ham kam sonda nishonlang, yig'inlarga bormang, degan tavsiyalar yangramoqda. Sayohat qilish uchun ham mos vaqt emas, deydi mutasaddilar.
Ammo bu gaplarga hamma ham quloq solmayapti. Millionlab amerikalik mamlakat ichida va xorijda safarda.
Bo'lajak prezident Jo Bayden Kongressni yangi yil oldidan xalqqa iqtisodiy yordamni ma'qullashga chaqirmoqda. Respublikachilar va demokratlar bu borada oylardan beri kelisha olmayapti.
Kelishmovchilik kimga qancha madad ko'rsatilishi ustida bo'lib, demokratlar shtat va mahalliy hokimiyatlarga ko'proq mablag' ajratilishi kerak desa, respublikachilar esa xususiy sektorni ko'proq quvvatlash kerak, deydi.
Kelasi oylarda iqtisod yanada susayishi kutilmoqda. Pandemiyaning yana bir keskin pallasidamiz, deydi ekspertlar.
Koronavirusdan o'lganlar soni Amerikada 261 mingdan oshgan.
Shu kungacha 13 milliondan oshiq amerikalik virusga chalindi. Sakkiz millionga yaqini tuzaldi.
Facebook Forum