Breaking News

Bayden iqtisod va moliya boshqaruviga kimlarni tanladi?


AQSh markaziy bankining sobiq rahbari Janet Yellen Moliya vaziri lavozimiga ko'rsatilmoqda. Bu mansabda Amerikada oldin biror ayol xizmat qilmagan.
AQSh markaziy bankining sobiq rahbari Janet Yellen Moliya vaziri lavozimiga ko'rsatilmoqda. Bu mansabda Amerikada oldin biror ayol xizmat qilmagan.

Jo Bayden prezidentlikka kelgach Amerika tarixida ilk bor ayol moliya vaziri bo'lishi kutilmoqda. Markaziy bankning sobiq rahbari, 70 yoshli Janet Yellen bu lavozimga ko'rsatilgan. Iqtisod va moliya boshqaruviga tanlanganlarning aksariyati Bill Klinton va Barak Obama davrida Oq uyda va turli vazirliklarda xizmat ko'rsatgan arboblardir.

Nira Tanden davlat byudjeti uchun mas'ul idora rahbari, Volli Adeyemo esa moliya vaziri o'rinbosari; Sesiliya Ruz, Jared Bernstin va Xezer Bushi esa Oq uy Iqtisodiy kengashi a'zolari bo'lish uchun tanlangan. Brayan Dis bu kengashga direktor sifatida tanlanishi kutilmoqda.

Bayden uning ma'muriyati etnik, irqiy va jinsiy jihatdan imkon qadar muvozanatli bo'lishini va'da qilgan.

“Koronavirusdan qutulish asosiy maqsadlarimizdan biri ekan, iqtisod uchun mas'ul kishilar oldidagi vazifalar og'ir va buyuk bo'ladi. Iqtisodiyotimizni qayta oyoqqa turg'azamiz", - deydi Bayden.

Yellen federal zaxiraga 2014-yilda raislikka tayinlanganida, Amerika moliyaviy inqirozdan chiqayotgan edi. U 1990-yillarda Osiyodagi inqiroz bilan bog'liq masalalar yuzasidan Klinton ma'muriyatida ishlagan. Endi esa pandemiyadan ezilgan moliyaviy sektorga qaraydi.

AQShda moliya vazirligi 232 yil oldin ish boshlagan. Shundan beri uni faqat erkaklar boshqargan. Ishsizlikka qarshi kurash, kichik bizneslarni tiklash, aholiga iqtisodiy yordam ko'rsatish - birlamchi vazifalar bo'ladi.

Tanden, liberal iqtisodiy tahlilchi, Obama davrida Oq uy bilan yaqindan ishlagan, shiningdek, Klinton prezidentligida ham katta loyihalarni boshqarib, ishonch qozongan. U Hillari Klintonning ham maslakdoshi bo'lgan. AQSh byudjeti shu paytgacha biror ayolga topshirilmagan, qolaversa kelib chiqishi janubiy osiyolik bo'lgan amerikalikka.

Senatda respublikachilar hukmron ekan, ular bu nomzodlarga qarshi ekanini eslatib turibdi va har biri chig'iriqdan o'tadi deya bong urmoqda.

5-yanvarda Jorjiya shtatida Senatga saylovlar o'tadi va uning natijasida palatadagi kuchlar taqsimoti o'zgarishi mumkin. O'zgarmasa, Baydenning nomzodlarini tasdiqlash uzoq vaqt va keskin munozaralarga sabab bo'lishi tayin.

Inauguratsiya 20-yanvarda. Bayden birinchi kundanoq muhim qarorlar qabul qilishga tayyor ekanini aytmoqda. Vazirliklar, oliy kengashlar va xavfsizlik bilan bog'liq yuqori lavozimlarga odamlar iloji boricha tezroq ma'qullanadi degan umidda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG