AQShning bo'lajak prezidenti Jo Bayden Oq uy va Davlat departamentidagi yuqori lavozimlarga kimlarni tanlaganini ma'lum qilib, o'z ma'muriyatini shakllantirish bilan band. Bayden deydiki, u boshqaruvga olib keladigan arboblar Amerika jamiyatini aks ettiradi - elat, din, jins va irq jihatdan.
Nomzodlar progressiv demokratlarga ma'qul kelishi kerak, shuningdek, Senat tasdig'idan o'tishi kerak. Senatda qay partiya hukmron bo'lishi 5-yanvarda Jorjiya shtatida o'tadigan saylovlar ketidan ma'lum bo'ladi.
Davlat kotibi lavozimiga Entoni Blinken
58 yoshli Entoni Blinken Bayden eng suyangan arboblardan biri. Uzoq yillardan beri u bilan ishlab keladi. Garvard va Kolumbiya universitetlarini bitirgan. Nafaqat Barak Obama, balki Bill Klinton prezidentligi davrida ham Milliy xavfsizlik kengashida ishlagan. Senatning Tashqi ishlar qo'mitasida ham ancha yillar Baydenning yordamchisi bo'lgan. Shu paytgacha egallagan eng yuqori lavozimi - Davlat kotibi o'rinbosari. 2015-2017 yillarda u Davlat departamentidagi ikkinchi raqamli odam edi.
Ichki xavfsizlik vaziri lavozimiga Alexandro Mayorkas
Alexandro Mayorkas Ichki xavfsizlik vazirining sobiq o'rinbosari. Hozirgacha vazir lavozimiga latino yoki immigrant tanlanmagan. 60 yoshli Mayorkas asli Kubadan. Go'dakligida ota-onasi bilan Fidel Kastro zulmidan qochib kelgan Obama prezidentligi davrida u AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmati rahbari ham edi. Immigratsiya masalalari bilan aynan Ichki xavfsizlik vazirligi shug'ullanadi.
AQShning BMTdagi elchisi lavozimiga Linda Tomas-Grinfild
Qariyb 70 yoshli Linda Tomas-Grinfild 35 yillik tajribaga ega diplomat. To'rt qit'ada xizmat qilgan. Obama prezidentlgi davrida Afrika bo'yicha bosh diplomat edi. Ebola kasalligiga qarshi kurashda jonbozlik ko'rsatgan. O'tgan yillar mobaynida u sobiq davlat kotibi Madlen Olbraytning global strategik kompaniyasida ishlab kelayotgan edi. BMTda elchi sifatida u Milliy xavfsizlik kengashida o'z o'rniga ega bo'ladi.
Iqlim bo'yicha maxsus vakil lavozimiga Jon Kerri
Kerri, prezidentlikka sobiq nomzod, sobiq davlat kotibi hamda Demokratik partiya liderlaridan biri. Uzoq yillar senatorlik ham qilgan. Iqlim bo'yicha maxsus vakil Davlat xavfsizlik kengashida alohida o'ringa ega bo'ladi. Bu Bayden prezidentligi davridagi katta o'zgarish bo'lishi kutilmqoda. Ekologiya va iqlim masalasi milliy xavfsizlik bilan chambarchas bog'liq yo'nalish sifatida belgilanmoqda.
Milliy razvedka direktori lavozimiga Avril Heynz
51 yoshli Avril Heynz Markaziy razvedka idorasi direktorining o'rinbosari bo'lib ishlagan. Obama prezidentligi davrida, shuningdek, Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi muovini ham edi. Milliy razvedka idorasini shu paytgacha ayol kishi boshqarmagan. Heynz huquqshunoslikka o'qigan. Bayden senatorlik paytida uning yaqin yordamchisi bo'lgan. Senatning Tashqi ishlar qo'mitasida faoliyat yuritgan.
Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi lavozimiga Jeyk Sallivan
43 yoshli Jeyk Sallivan Vashingtonda yuqori idoralarda ishlab, tajriba oshirgan mutaxassis. Bayden vitse-prezidentligi paytida uning Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi bo'lgan. Hillari Klinton Davlat kotibi bo'lgan paytda uning idorasidagi ikkinchi eng muhim rasmiy hisoblangan. Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi lavozimiga odatda yoshlar tanlanmaydi, ammo Bayden unga yaqindan tayanishini aytib keladi. Sallivan davlat boshqaruvi bo'yicha mutaxassis.
Facebook Forum