Breaking News

Tub aholi va etnik ozchilik Baydendan umidvor


Amerika tub aholisi vakillari. Arxiv.
Amerika tub aholisi vakillari. Arxiv.

Amerikaning tub aholisi Jo Bayden ma’muriyatida etnik xilma-xillik ta’minlanishini talab qilmoqda. Xususan, qabilalarni boshqaradigan nufuzli lavozimni shu etnik ozchilik vakillaridan biri egallashi kerak. O’z navbatida, ularning bu talabi Baydenning va’dalarida naqadar sobit turishini ham sinovdan o’tkazadi.

Tub aholi orasida Kongressning Vakillar palatasi a’zosi, Laguna Pueblo qabilasi vakili, demokrat ayol Deb Xolanning Ichki ishlar vaziri lavozimiga tayinlanishidan umid qilayotganlar ham talaygina.

Asli Afrikadan, Meksikadan, Osiyodan kelgan amerikaliklar hamda tub aholi Baydenning saylovda g’alaba qozonishida muhim rol o’ynadi. O’z navbatida, ular yangi ma’muriyatdan etnik ozchilikni tashkil etuvchi xalqlarning muammolariga yechim topishni talab qilmoqda. Xususan, o’zlariga dardkash etnik ozchilik vakillarining nufuzli lavozimlarga tayinlanishini istamoqda.

Alexandra Gomes Arizona shtatining jazirama issiqlarida tibbiy va plastik niqob taqib eshikma-eshik yurgan. Kelib chiqishi Meksikadan bo’lgan amerikaliklarni Baydenga ovoz berishga undagan faollardan. Ular 24 yildan beri respublikachilar tarafida bo’lgan shtatda demokrat nomzodning g’alabasini kafolatlashga muvaffaq bo’ldi.

“Biz, amalda, demokratlar ustun kela oladigan shtatda emasmiz. Baydenning g’alabasi ozchilikni tashkil etuvchi jamiyatlar ovozi bilan ta’minlandi. Umid qilamizki, ushbu ma’muriyat bizga befarq bo’lmaydi”, - deydi faol Gomes.

Vakillar palatasining Vashington shtatidan saylangan vakili Pramila Jayapalga ko’ra, Bayden ma’muriyati butun mamlakatni ifoda etishi, xususan, o’z elektoratini tamsil etishi lozim. Unda ayollar ham, irqiy va etnik ozchilik vakillari va boshqa guruhlar ham o’z o’rniga ega bo’lishi kerak.

AQSh Davlat departamentining, Mudofaa, Moliya, Ichki ishlar, Qishloq xo’jaligi, Energetika va Sog’liqni saqlash vazirliklarining, Atrof-muhitni himoya qilish agentligining rahbarligiga ayni damda ayollar, qora va qizil tanlilar vakillari da’vogarlik qilmoqda. Ular ba’zan yuksak nufuzga ega oq tanli nomzodlar bilan to’qnash kelmoqda.

Bayden vitse-prezidentlikka tanlagan nomzod migrantlar farzandi. Kaliforniya senatori Kamala Harris AQSh tarixidagi ilk ayol, ilk qora tanli va kelib chiqishi Osiyodan bo’lgan ilk vitse-prezidentga aylanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG