Qo’shma Shtatlarda tarixiy shaxslar sharafiga qurilgan haykallar oxirgi paytlarda keng munozaraga sabab bo’lmoqda. Ba’zilar nazarida madaniy merosni yo’q qilish to’g’ri emas, boshqalar esa ushbu yodgorliklarni zulm va irqchilik timsoli deb biladi.
AQSh shaharlarida, xususan janubda, haykallar katta munozaraga sabab bo’lmoqda. Konfederatsiya yodgorliklari ustiga chizib tashlandi, vayron qilindi, ko’chirildi.
Ayrimlar ularni tarixning bir bo’lagi, o’tmish ramzi desa, boshqalar qulchilik va irqchilikni abadiylashtirishga hojat yo’q, deydi.
Nyu-Yorkda Prezident Teodor Ruzveltning haykali qad ko’tarib turgani tub aholi va afro-amerikaliklar uchun haqorat deya, uni olib tashlashga undayotganlar bor.
Xristofor Kolumbning haykali ham nishonda. U Amerikani Yevropa mustamlakasiga aylantirgani tub aholi uchun halokatli oqibatlarga olib kelgan, deydi tanqidchilar.
Jahongashta tadqiqotchini ulug’laydigan italyan-amerikaliklar va hindu tashkilotlar orasida bu borada bahslar tinmaydi.
Xo’sh, tarix, siyosat va madaniyat olamidagi boshqa shaxslarchi? Ularga xalq baho beradi, deydi mana bu amerikalik.
“Odamlar o’zi to’g’ridan-to’g’ri chora ko’rayotgani demokratik jarayondan ko’ra samaraliroq”, - deydi Jordan Shnayder.
Taajjub uyg’otuvchi holatlar ham bor. San-Fransisko shahridagi mana bu haykal Don Kixot obrazini yaratgan ispaniyalik yozuvchi Migel de Servantesga qo’yilgan. Uning yuzini nima uchun bo’yab ketishgani no’malum.
Amerikaning bir necha shaharlarida ispaniyalik missioner Xunipero Serra haykallari ham qulatildi. Katoliklar uni qadrlaydi, ammo tub aholi vakillari mustamlaka davri ramzi deb biladi.
“Hindu aholi soni kamayishi, tili, madaniyati va dini yo’qolishiga u sababchi”, - deydi Tataviam qabilasi rahbari Rudi Ortega.
Uning qayd etishicha, ota-bobolari qisman Yevropadan bo’lgan qabiladoshlari bu fikrga qo’shilmasligi mumkin. Kaliforniyadagi ilk ibodatxonalarni qazib topish ishlarida qatnashgan Ruben Mendoza shundaylardan biri.
“Jamoamiz a’zolari, tub aholi va ispan kelib chiqishiga ega qabiladoshlarim, madaniyatimiz va tariximizning u yoki bu qismiga nafrat bilan qarashi meni azobga soladi. Butun hayotim davomida yarashuv va murosani targ’ib qilganman. Serra haykali vayron qilingani bu ishlarga zarba bo’ldi”, - deydi Kaliforniya universiteti professori.
Kolumb, Serra yoki prezident bo’ladimi, har bir avlod o’z qahramonlariga qayta baho beradi, deydi Ortega.
“Tarixni biz yaratamiz. 100 yildan keyin odamlar kitobni ochib, “Amerikada tenglikni ta’minlash uchun mana shunday ishlar qilinibdi”, deb o’qishadi”, - deydi qabila rahbari.
Ammo qarorlar, deydi Ortega, tartibli ravishda qabul qilinishi kerak.
Professor Mendoza fikricha, tanqidchilar ko’pincha tarixdan bexabar.
“Bu ishlarga qo’l urayotganlar ham bir kun kelib sharaflansa, boshqa bir guruh ularning jamiyatga qo’shgan hissasini oyoq osti qilmaydi, deb umid qilamiz”, - deya afsus bildiradi suhbatdosh.
Bu jamiyatda o’tmish bilan hisoblashish davom etyapti. Kim haykalga munosib? Kim buni hal qiladi? Bu savollarga oson javobning o’zi yo’q.
Facebook Forum