Amerikalik antropolog Lorens Kuznar qulchilikni saqlab qolish uchun kurashgan konfederatsiya liderlariga qo'yilgan haykallarning shaydosi emas. Lekin ularga qarab xalq tarixdan saboq olishi kerak, deydi mutaxassis.
“Ularni olib tashlang deya talab qilmagan bo'lar edim”, - deydi Indiana va Perdyu universitetlari professori.
Keksa olim nazarida har bir haykal qo'yilgan davr muhim tarixiy omil bo'lib, bugungi jamiyat o'sha paytdagi jarayonlarni o'rganishga harakat qilishi lozim.
“Hayajon va hissiyot bilan ularni barbod qilish oson, ammo bu odamlarga nima beradi? Irqiy va siyosiy tafovutni yo'q qiladimi? Hatto qonunan shunday qaror qabul qilinib, u yoki bu yodgorlik olib tashlansin, deyilsa ham men nega deb so'ragan bo'lar edim".
May oyida qora tanli fuqaro oq tanli politsiyachi qo'lida jon berganidan keyin Amerika bo'yab irqchilikka qarshi namoyishlar avj oldi. Norozi omma ko'plab shtatlarda hali ham quldorlarning haykallari turganini qoralab, ularni ag'darishni talab qila boshladi. O'nlab yodgorliklar olib tashlandi, undan ham ko'pi vayron qilindi.
Ko'plab amerikaliklar qit'ani kashf etgan deya tarixga kirgan Xristofor Kolumb haykallariga ham qarshi, chunki u va uning odamlari tub aholini qirgan.
2019-yilgi hisobga ko'ra, Amerika bo'ylab kamida 1747 yodgorlik quldorlar bilan bog'liq bo'lgan. Ularning aksariyati 1861-1864 yillardagi fuqaro urushidan keyin emas, undan ancha keyin o'rnatilgan, xususan 19-asr boshida va o'rtalarida.
Tarixshunos Jeyms Grossman deydiki, bu yodgorliklar asosan jasorat va shuhratni sharaflash uchun qo'yilgan. Oq tanlilarni qudratli insonlar va qahramonlar sifatida namoyon etgan, deydi ekspert.
Kuznar nazarida aynan shu jihatlari uchun ham ular turishi kerak.
“Ular - Amerikaning o'tmishi. Ularga qarab, odamlar konfederatsiya nimani anglatgani, urushda nima uchun boy bergani va davlat qanday yo'lni bosib o'tganidan saboq olishi lozim", - deydi antropolog.
"Haykallar - tarix ko'zgusi".
Grossman tahlilicha esa hamma ham bu haykallarga qarab, to'g'ri saboq olmasligi mumkin. Amerika bu yodgorliklar bilan qora o'tmishini oqlashga urinayotgandek tuyuladi. Irqchilik, quldorlik, qullar. Bularni qoralash o'rniga ularni osmono'par monumentlar bilan ulug'lash avlodlarni adashtiradi, deydi mutaxassis.
Insoniyat azaldan zamoni o'tgan va ayniqsa qabihliklarni aks ettirgan manzaradan qochadi. Qay mamlakatda bo'lmasin, haykallar ag'dariladi, zulm va shafqatsizlik timsollari yo'q bo'ladi, deydi Grossman.
Kuznar bunga qarshi. Xalqning o'zi hal qilsin, deya tavsiya qiladi u. Chunki haykallarni ham Amerikada odamlarning o'zlari qo'ygan. Balki odamlar har bir haykal ham ilhom manbai va shuhrat timsoli emasligini o'rganishi kerakdir?
Facebook Forum