Sayohatchi Mayka Mayer haqida oldin ham hikoya qilganmiz. Yosh amerikalik vatanini kezib, uning tabiiy boyliklarini o’rganmoqda va ko’rganlarini xatlab borayapti. Yaqinda Mayka Atlantika okeani bo’yidagi Janubiy Karolina, Jorjiya va Florida shtatlarida bo’ldi.
Charlston shahri, Janubiy Karolina shtati. Bir paytlar quldorlik chuqur ildiz otgan joylar. Plantatsiyalar bugun ochiq muzey. Atrofda fortlar, harbiy qal’alar bor.
Bu Samter forti, deya ko’rsatadi Mayka. 1861-yilda Amerikada fuqaro urushi shu yerda boshlangan. Urushning ilk qurbonlari shu zamin odamlari bo’lgan.
Janub va shimol ikkiga bo’lingan. Quldorlik tarafdorlari va unga qarshilar. 1861-yilning 12-aprelida o’sha madaniy va iqtisodiy tarqoqlik qonli mojaroga aylanadi. Amerikaliklar bir-birini o’qqa tuta boshlaydi.
Charlston shahriga olib kiruvchi qadim ko’prik. Urush paytida bu joy qariyb 1,5 yil qamal ostida bo’lgan. Ko’prikning har ikki tomonida kuchli qurollangan qo’shin turgan, deydi Mayka.
Charls Pinkni tarixiy obidalari bu yerdan uzoq emas. Mayka u yerga ham bordi. Pinkni aslida AQSh konstitutsiyasining bosh mualliflaridan biri bo’lgan. Mayka buni bilmas edi.
Ayrimlar uchun Pinkni unutilgan tarixiy shaxs. Vaholanki, u AQShning yetuk siyosiy arboblaridan biri bo’lgan. Bosh qomus iloji boricha mukammal bo’lsin deya kurashgan.
Bu obidalarni Milliy parklar xizmati degan agentlik yuritadi. 18-asrlarda minglab qullar ter va qon to’kkan bu yerlar bugun omma uchun ko’rgazma, qora tarixning bir qismi.
Mayka Janubiy Karolinada yana bir muhim maskanda to’xtadi: Qayta qurish milliy yodgorligi. Barak Obama prezidentligi davrida bu joy tarixiy obida deb e’lon qilingan. Fuqaro urushidan keyingi tiklanish jarayonini aks ettiradi.
“Janubiy Karolina shtatida men borgan uch maydon Amerikani Amerika qilgan qadamjolar. Xalqimiz o’zligini topgunicha murakkab yo’lni bosib o’tgan”, - deydi Mayka.
Sayohatchi endi Jorjiyaga yo’l oldi. Pulaski fortida to’xtadi. 1861-yilda bunyod etilgan bu qal’a, tarixchilarga ko’ra, o’sha paytda zamonning texnologik jihatdan eng ilg’or harbiy inshooti bo’lgan.
“Butun fort suv bilan o’ralgan bo’lgan. Umrimda bunday joylarni ko’raman deb o’ylamagandim. Qolgan qal’alar bunday emas. Ajoyib, tomosha qilib, ko’p narsa o’rgandim”.
Avliyo Simon orolidamiz. Frederika qo’rg’oni. 18-asrda bu yerda Amerikaning eng boy odamlari yashagan. Farovon hudud bo’lgan.
Jorjiyadan Florida shtatiga o’tamiz. Timukuan ekologik va tarixiy hududidamiz. Bu yerlarning tub aholisi, hindu qabilalar dengiz ovqatlarini rivojlantirgan. Ular yaratgan usullar, tanishtirgan yeguliklar bugun AQShning tansiq taomlari.
Obidalar – tarixiy-madaniy boyliklar.
“Qiziq, odamlar o’ziga kulbalar qurishda ham dengizdan chiqqan narsalarni ishlatgan. Turli minerallar qorishmasi ular uchun mustahkam material bo’lgan”, - deydi Mayka.
San Markos qal’asida esa sayyohlar uchun tomoshalar taklif qilinadi. Tarixni ulardan o’rganasiz.
Endi esa Matanzas fortidamiz.
Mayka uchun har bir maskan unutilmas. U kabi soliq to’lovchilardan tushgan daromad hisobiga davlat mana shunday go’zallik, tarixiy va madaniy boylikni asrab-avaylayotgani bu yosh amerikalikka juda maq’ul.