Breaking News

Avraam Linkolnning Gettisburg nutqi 150 yildirki barhayot


Amerikani saqlab qolgan so'zlar - Gettysburg Address
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:12 0:00

Amerikani saqlab qolgan so'zlar - Gettysburg Address

AQShning 16-prezidenti Avraam Linkoln Pensilvaniya shtatining Gettisburg shahridan turib, mamlakatni birdamlikka chaqirganiga 150 yil bo’ldi. Amerika fuqarolar urushi girdobida edi. Gettisburg qonli janglar maydoni bo’lgan. Linkoln o’z nutqida urushda halok bo’lgan dovyurak askarlarni xotirlaydi. Erkinlik va tenglikka urg’u beradi.


Atigi ikki daqiqalik nutqida prezident Linkoln o’n minglab askar hayotini olib ketgan voqealar haqida gapirib, jasur amerikaliklarga tahsinlar aytadi. 1861-1865 yillarda shimol va janub, ittifoq va konfederatsiya bir-biri bilan kurashadi. Konfederatsiya, ajralib chiqqan janubiy shtatlar, qullik va quldorlik tarafdori edi. Ular o’z kelajagini bir respublika ostida ko’rmagan. Ittifoqni qoralab, unga qarshi urush ochgan.

Ogayo shtatidagi Mayami universitetidan tarixchi-professor Martin Jonson Gettisburg nutqi haqida yangi kitob muallifi. Fuqarolar urushi davom etar ekan, prezident Linkoln uchun ittifoqni asrab qolish oliy vazifa bo’lgan.

“U xalqqa bu haqda gapirish va ta’sir qilish, urushning ahamiyatini tushuntirish kerakligini yaxshi bilgan,” - deydi u.

Gettisburgga borishdan oldin Linkoln Vashingtondagi kichik uyida ishlaydi, Oq uydagi shovqin-surondan narida. Lekin u yer ham tinch emas edi, chunki uyining yonida qabriston bor edi. Urushda nobud bo’lgan askarlar dafn etilgan joy, deya hikoya qiladi tarixchi Kalli Xokins.

“U ko’p o’ylaydi, fuqarolar urushi va qullarni ozod etish haqidagi g’oyalari shakllanadi. Linkoln har kuni qurbonlarning dafn etilishini ko’radi”.

O‘sha g’oyalar Gettisburg nuqtida o’z aksini topdi, deydi Xokins. Nutqda “odamlar teng yaratilgan” degan so’zlar bor edi. Ular AQSh Mustaqillik deklaratsiyasidan olingan. Linkoln “ozodlikda yaralgan yangi xalq” va “erkinlikning vujudga kelish jarayoni” haqida gapiradi.

Linkoln so’zlari 12 yoshli amerikalik Kerri Otal uchun muhim.

“U bizni qullikka qarshi kurashda boshqardi va erkinlik sari yetakladi. Har bir odam erkin bo’lishi kerak. Quldorlar o’zini ozodmiz, degan. Lekin qullar ozod bo’lsak, erkinlikka chiqamiz, deb umid qilgan. Linkoln har bir odamga erkinlik berdi”.

Tarixchi Martin Jonson deydiki, Linkoln nutq matnini Oq uyda yozgan va Gettisburgdagi uyida yakunlagan. Qudratli so’zlar darhol egasini topgan.

“Nutq tezlikda tarqalib, juda katta ahamiyat kasb etdi, chunki odamlar, xususan jurnalistlar va siyosiy arboblar unda urush saboqlari haqida gap borayotganini tushungan. Bu nutqdan iqtiboslar siyosiy chiqishlarda ishlatiladigan bo’ldi. Amerikaliklar qalbida chuqur iz qoldirdi va urush haqidagi xotiralardan o’chmas o’rin egalladi,” - deydi professor Jonson.

Gettisburg nutqi butun dunyoga taraldi.

Jonson: “Yaponiya, Nigeriya, Argentina va boshqa joylarda maktablarda o’qitiladi”.

O’z nutqida prezident Linkoln “gaplarimizga dunyo na e’tibor qaratadi, na eslab qoladi”, degan edi. Aksincha, nutqni butun dunyo diqqat bilan eshitdi va u eng mashhur chiqishlardan biri sifatida odamlar xotirasida qoldi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG