Breaking News

Amerikani Amerika qilgan hujjat


Bundan 150 yil oldin ittifoq va konfederatsiya qo’shinlari, ya’ni qulchilikni bekor qilish tarafdori Shimol va quldorlar makoni Janubga qarashli kuchlar Merilend shtatida to’qnashadi. Bu Amerika fuqarolar urushidagi eng muhim janglardan biri bo’lgan. Bu davlat tarixida burilish yasagan kun. Chunki jangdan besh kun o’tib, prezident Avraam Linkoln quldorlikka barham bergan Ozodlik bayonotini chiqargan.

Amerikani Amerika qilgan hujjat tarixi/Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:24 0:00
Yuklab oling

Linkoln haykali oldida yig’ilgan yuzlab odamlar bir yarim asr avvalgi voqealarni xotirlamoqda. Bu davlat boshdan kechirgan eng yirik urush.

Kongress a’zosi Jon Luisning otasi fermer, bobolari esa qul bo’lgan. Luisning o’zi prezidentning “Erkinlik” medali bilan taqdirlangan. Bu sana uning uchun juda muhim. Izohlashga til ojiz, deydi u.

“Tarixni qarang-ki, 150 yil o’tib qulning nevara va chevarasi AQSh prezidenti tomonidan, kelib chiqishi afro-amerikalik prezident tomonidan medal bilan taqdirlansa, Kongress a’zosi bo’lib xizmat qilsa. Naqadar uzoq va mashaqqatli yo’l bosib o’tdik. Davlatimiz, xalqimiz ulkan yutuqlarga erishdi”.

Professor Ed Eyers qulchilik va fuqarolar urushi tarixini o’rgatish ahamiyati haqida gapiradi. Hamma birga harakat qilib, g’alaba qozongan, deydi u.

“Bunda hamma ishtirok etgan, hissa qo‘shgan. Linkolnga o’xshab tavakkal qila oladigan rahbar bo’lmasa, ahvolingiz voy edi. Mardona jang qiladigan armiya bo’lmasa, g’alaba qozona olmasdik. Erkinlik va ozodlikka intilayotgan, ahvoliga chiday olmaydigan qullar bo’lmaganida, g’alaba qozonishning imkoni bo’lmasligi aniq edi”.

Zamonaviy texnologiya yordamida Eyers butun mamlakat talabalari oldida so’zladi. Uni tinglagan yoshlar umid va ilhomga to’la.

Brittani Passmor ismli talaba ma’ruza yoqqanini aytadi.

“Avraam Linkolnning siyosiy qaror va harakatlari haqida hikoya qilishganida, men hozirgi zamon siyosiy arboblarining saylovoldi harakatlari haqida o’yladim, qiyosladim”.

Gollivud yulduzi Alfre Vudard 1861-yilda qul ayol tutgan xotiralar daftaridan parchalar o’qib berdi:

“Ey, erkin ayollar! Bilingki, qul bo’lish erkaklar uchun og’ir, lekin ayollar uchun undan ham og’irroq”.

Ozodlik haqidagi bayonot oddiy hujjat emas, deydi Vudard.

“Bu Amerikani Amerika qilgan, hozirgi davlatga asos solgan hujjat. Bu hammamizning yutug’imiz”.

Talabalar ham yaxshi saboq olgan ko’rinadi.

“Hujjat nafaqat qullar balki butun xalq hayotini o’zgartirgan,” - deydi yana bir talaba.

Ozod qilingan qullarning yangi hayot boshlashi oson bo’lmagan.

Aksariyat tarixchilarga ko’ra, Linkoln o’z qo’li bilan yozgan va hozirda Milliy arxivda saqlanayotgan hujjat amerikaliklar erkinligini kengaytirishga qaratilgan kurashdagi ilk qadam edi.

Amerika tarixidan... Emancipation Proclamation 150 years
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:52 0:00
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG