Vashingtondagi Smitson muzeyida G’arbiy Afrikadan qul sifatida olib kelinib, asosan guruch plantatsiyalarida ishlatilgan qullar va ularning avlodlari haqida ajoyib bir ko’rgazma ochilgan.
Tashkilotchilar bu ommaga ma’lum bo’lmagan tarixning bir bo’lagi deydi.
Gallalar deb tanilgan bu insonlar qulchilik davrining uqubatlariga qaramasdan Afrikaning boy madaniyati va urf-odatlarini kelajak avlodga qoldira bilganlar.
Shimoliy va Janubiy Karolina, Jorjiya va Florida shtatlarida yarim milliondan ortiq galla yashaydi.
Nafaqadagi professor Doroti Bravner Xabler ulardan biri. U odamlarga bolaligi o’tgan Janubiy Karolinadagi galla mahallasi haqida hikoya qilishni yaxshi ko’radi.
Xablerning aytishicha, ota-bobolari 17-18 asrda Afrika g’arbidan qul sifatida Amerikaga olib kelingan.
“Biz bugun AQShda yashayotgan, asli kelib chiqishi qayerdan ekanini aniq biladigan yagona jamoamiz. Boshqa guruhlar orasida bunaqasi yo’q. Shuncha vaqt o’tganiga qaramay madaniyatimiz, urf- odatlarimiz va boy tariximizni unutmaganmiz”,- deydi Xabler.
“Ota-bobolarimiz ko’p sohalarda mutaxassis o’tgan. Temirchilik, qurilish, bo’yoqchilik hamda dehqonchilikda nom qozonishgan”.
Bu insonlar guruch plantatsiyalarida ishlagan. Qullik davrining azob uqubatlariga qaramay, ular Afrika madaniyatini saqlab kelajak avlodga uzatganlar.
Smitson muzeyidagi ko’rgazma afro-amerikalik olim Lorenzo Davturnerga bag’ishlanadi. 1930-yillarda u galla jamoasining ajdodlarini qidirib, izlanish olib borgan.
Ovoz yozish uskunasi yordamida professor Lorenzo gallalarning o’zaro suhbatini yozib olib, uni o’rganishga kirishadi. U bu odamlar buzuq ingliz tilida gaplashadi degan iddaoni rad etib, galla tili ingliz, krayol va Afrika dialektlarining qorishmasidan iborat degan xulosaga keladi.
So’nggi yillar bu jamoa vakillari uchun ham oson kechmadi. Ko’pi hozirgacha vafot etgan. Tirik qolganlari iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli jamoa yerlarini tashlab, arzon shaharlarga ko’chib ketmoqda. Yangi qurilishlar va yuqori mulk soliqlari ularni ketishga majbur qilmoqda. Doroti Xabler kabi faollar madaniyatni saqlab qolishga bel bog’lagan.
Quldan yer egasiga aylangan ilk afro-amerikalik xalq, gallalar tarixi - kelajak avlod bilishi, o’rganishi kerak bo’lgan muhim mavzulardan, deydi mutaxassislar.