Breaking News

Biolog olimlarning makkasi


Biolog olimlarning makkasi
Biolog olimlarning makkasi

Har yili Panamadagi Smitson Tropik tadqiqot institutiga dunyoning har yeridan mingdan ziyod olim boradi. Bu dargoh dunyoda eng keksa va yiriklaridan. Tadqiqot instituti sayyoramizning tropik ekotizimini kashf etishga katta hissa qo’shgan.

Tongda Panamaning Barro Kolorado orolida tropik daraxtlarning shox-shabbasi orasidan osmonni arang ko’rish mumkin. Lekin qorong’ilik, hasharot va dim havo olimlarga cho’t emas. Ular maymun izlab yuribdi. Antropologiya professori Stefani Ramirez o’rgimchak maymunlar bobida izlanadi.

U ovqatning bu jonivorlar salomatligi, farzand ko’rish qobiliyatiga ta’sirini o’rganmoqchi. “Chunki o’rgimchak maymunlar asosan meva yeydi. Meva-cheva yetishmasa, ko’payishmaydi”, - deydi Stefani Ramirez.

Smitson Tropik tadqiqot instituti javohirlari
Smitson Tropik tadqiqot instituti javohirlari

Barro Kolorado orolida 1800 ga yaqin maymun yashaydi. 39 tasi o’rgimchak maymun. Sakkizining bo’yniga radar sifat moslama o’rnatilgan. Stefani Ramirez va uning yordamchisi Loren Mills jonivorlar qayerda ekanini signalga qarab aniqlashi mumkin.

Ular yirik ilmiy guruhning a’zolari. Har yili bu yerga taxminan ming nafar olim kelib izlanadi. Toni Koates institutning faxriy olimlaridan.

“Panamadagi Smitson Tropik tadqiqot instituti tabiatga hayotini bag’ishlagan fan ahlining makkasiday gap”, - deydi olima.

Panamadagi institut bundan bir asr oldin ta’sis etilgan. Bugunga kelib Barro Kolorado jahonning eng izchil o’rganilgan o’rmoni.

Ebbi Bruning chumolilarga qiziqadi.

“Hasharot nima yeyish-yemasligini tekshiramiz. Organizmiga qanday moddalar zarur? Proteinga ehtiyoji bormi? Mana shularga qarab, kasallik va o’lim bilan qanday olishadi, aniqlaymiz”, - deudi Ebbi Bruning. U bu orolda chumolining taxminan 200 turini kuzatgan.

Qalin o’rmonning har joy-har joyida pushti gulli daraxtni ko’ramiz. Almendro daraxtri. Mehnatkash chumolilar mana shu gulning ishqibozi. Bitta-bitta ko’tarib, orqalab iniga o’rmalab ketayapti. Atstek chumolisi ham qiziq. Butun boshli chumolilar koloniyasi bir yilda ikki-uch metrli ulkan uya qurib olishi mumkin.

Ilmiy dargohda har yili mingga yaqin biolog izlanadi
Ilmiy dargohda har yili mingga yaqin biolog izlanadi

Smitson muzeyi olimlari hisob-kitobiga ko’ra, orolda sut emizuvchilarning kamida 100 vakilini topish mumkin. Aksariyati ko’rshapalak. Qolgani sudralib yuruvchilar va hasharotlar.

Smitson tadqiqot institutining qarorgohi Panama shahrida joylashgan. Tropiklar haqida 70 ming jilddan iborat kutubxonasi bor. Ilm-fan jamoasi bu kutubxonani mislsiz deb biladi.

Shu atrofda Smitson ta’lim markazi ish yuritadi, odamlar bemalol kelib-ketishi mumkin. Markazdan har yili 100 ming o’quvchi foydalanadi. “Mezbon davlat Panama ma’rifatiga qo’shgan muhim hissamiz shu”, - deydi olimlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG