Breaking News

Amerika irqchilikka qarshi kurashni xotirlamoqda


Amerika irqchilikka qarshi kurashni xotirlamoqda
Amerika irqchilikka qarshi kurashni xotirlamoqda

Amerika tarixining eng qora kunlari irqchilik davri bo'lgan desak xato bo'lmaydi. Qulchilik, quldorlik, qora tanlilarni ikkinchi darajali inson deb hisoblash - bu jamiyatga xos illatlardan biri edi. Undan qutulish uchun ko'p ter va qon to'kilgan.

Alabama shtatidagi Birmingem shahri 1960-yillarda fuqaro tengligi uchun namoyishlar markazi bo'lgan. Ularga erkinlik kuychisi Martin Lyuter King bosh edi.

Biroq politsiya mushtni ishga soladiyu yig’inlar qonli tus oladi. Minglab odam turmaga tashlanadi. Lekin xalq qo’rquvni yengib, adolat talab qilishda davom etadi. 1963-yilda qabul qilingan qonunga ko'ra, irqchilik - jinoyat.

Oradan yarim asr o’tdi. O’sha mash’um va muhim kunlarni bilmoqchi bo’lganlar uchun bugun Birmingemda Fuqaro huquqi instituti bor.

Martin Lyuter King Birmingemdagi tadbirda, 1963-yil
Martin Lyuter King Birmingemdagi tadbirda, 1963-yil
Vilyam Revil ismli amerikalik muzeyni ko’raman deb bir necha soat yo’l bosib kelibdi.

“Bugungi huquq, imkoniyat va ne’matlar tarixini, osonlikcha kelmaganini bilishimiz kerak. Qon va ko’z yosh bilan ungan bari. Qoralar ham, oqlar ham buni unutmasin”, - deydi u.

Lorens Piju muzey prezidenti. U bizni Martin Lyuter King bir vaqtlar o’tirgan kamera tomon boshlaydi. Mana shu yerda, bandilikda faol mashhur nomasi - “Birmingem qamog’idan maktub”ni bitgan. O’sha bitik fuqaro huquqi uchun kurash va namoyishlar asosi, qomusi hisoblanadi.

“Bunday ilmiy dargoh bor ekani katta ahamiyatga ega. Ham Amerika ahli, ham jahon hamjamiyatiga bilim ulashadi. Birmingemda ro’y bergan voqealar xotiramizdan o’chmasligi darkor. Chunki bu tarix jahonda irqiy tenglikka yo’l ochib berdi”,- deydi Piju.

Alabama shtatidagi Birmingem shahrida Martin Lyuter King haykali
Alabama shtatidagi Birmingem shahrida Martin Lyuter King haykali
Muzey afro-amerikaliklar tarixiga doir hujjat, buyum, video va fotosuratlarga boy.

Londonlik sayyoh Ann Mari Vilson hayratda.

“Alabama irqiy tengsizlikka barham berishda alohida o’ringa ega ekani, bu kurash mashaqqatli kechganidan xabarim bor edi. Bularni o’z ko’zim bilan ko’rib turibman. Tinch namoyishlar sharofati bilan har xil elat va irq vakillari yonma-yon yashashi mumkinligiga guvohmiz”, - deydi ayol.

Nyu-Jersi shtatidan Vernon Roberts “ko’rgazma meni junbushga keltirdi”, deydi.

“Meni hayajon bosdi. Oilamni, farzandlarimni olib kelmoqchiman, ko’rishsin. Ular Birmingemda yuz bergan kurashdan boxabar bo’lsin, dunyoqarashi kengaysin”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG