Breaking News

Afro-amerikaliklar yangi qonunlardan norozi


Mark Morial, qora tanlilar manfaati uchun kurashadigan tashkilot rahbari
Mark Morial, qora tanlilar manfaati uchun kurashadigan tashkilot rahbari

Bu yilgi prezidentlik saylovlarida qora tanli amerikaliklar faol qatnashishi kerak, deydi inson huquqlari faollari. Ular nazarida, so’nggi paytda qabul qilingan qonunlar qora tanlilarning ovoz berish huquqiga tahdid solmoqda.

Afro-amerikaliklar manfaatlari uchun kurashadigan yirik tashkilot prezidenti Mark Morial ulkan kampaniya boshlagan. Vashingtonda so’zlar ekan, mamlakatning 34 shtatida so’nggi paytlarda qabul qilingan qonunlarni keskin qoralab chiqdi.

“Yangi qonunlar butun mamlakat bo’ylab 5 million ovoz beruvchiga ta’sir qiladi,” - dedi u.

Tarafdorlar nazarida bu qonunlar saylovda soxtalashtirish hollarini kamaytirib, xatolarning oldini oladi.

Barak Obamaning prezidentlikka saylanishida qora tanlilar muhim rol o'ynagan. Ular aholining qariyb 12 foizini tashkil etadi.
Barak Obamaning prezidentlikka saylanishida qora tanlilar muhim rol o'ynagan. Ular aholining qariyb 12 foizini tashkil etadi.
Ayrim shtatlarda saylov uchastkasida ko’rsatiladigan shaxsiy hujjatga talab kuchaytirildi. Boshqalarida ro’yxatdan o’tish jarayoni o’zgartirildi. Morial fikricha, qonunlar ovoz beruvchilar huquqlarini cheklaydi, ozchilik, talabalar va keksalarning siyosiy ishtirokini sustlashtiradi.

“Bu qonunlar Amerika qadriyatlariga zid, demokratiyaga zid. 21-asrda saylov uchastkalariga yo’lni to’sish bilan barobar”.

Morial boshliq tashkilot qora tanlilarni 6-noyabrdagi saylovda faol ishtirok etishga undamoqda. Televizion reklamalar, targ’ibot kampaniyalari avjida. Internetda saylovga oid ma’lumotlar to’plangan yangi, maxsus sayt ochildi. 2008-yilda Barak Obamaning g’alabasida qora tanlilar ovozi muhim rol o’ynagan edi. O’shanda afro-amerikaliklarning 65 foizi - oq tanlilar bilan teng soni – saylovga chiqqan.

Qora tanlilar tashkiloti ayrim boshqa qonun loyihalariga ham qarshi. Masalan, shtat va federal miqyosda ta’lim sohasiga ajratiladigan mablag’ni kamaytirish haqidagi taklif afro-amerikaliklarning imkoniyatlarini cheklaydi, deydi faollar.

Rekan Jons uysiz qolganidan so’ng o’qishni ham tashlamoqchi bo’lgan. Lekin davlat dasturi orqali moliyaviy yordam olib, universitetga kirishga muvaffaq bo’ldi.

“Menga ilhom baxsh etadigan, men uchun o’rnak bo’ladigan odamlar bor. Ular mening nafaqat o’qishni tugatishim, balki maqsadlarim, orzularimga erishishda va hatto undan ham balandga intilishda meni qo‘llab-quvvatlaydi,” - deydi Jons.

Tashkilot, shuningdek, qora tanlilar orasida ishsizlikka qarshi kurashmoqda. Yoshlar zarur bilim olishi, ishchilar esa malaka oshirishi uchun sharoit yaratish, hukumat va xususiy manbalardan mablag’ so’rash bilan band. Davlat maxsus dasturlarni ko’paytirsin, deydi faollar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG