Breaking News
Din

E'tiqod, birdamlik va yosh avlod


E'tiqod, birdamlik va yosh avlod
E'tiqod, birdamlik va yosh avlod

Los Anjeles shahrida musulmon, yahudiy va nasroniylarning yetakchilari nafaqat yaqin do’st, balki dinlararo muloqot olib borib, odamlarni mehr-oqibatli bo’lishga undab keladi. Shuningdek, ular muntazam ravishda ilm dargohlariga borib, yoshlar bilan savol-javob qiladi.

Janubiy Kaliforniya Islomiy markazi rahbari Mohir Xatut, Leo Bek nomli yahudiylar sinagogasi ravvini Leonard Birman va Kaliforniyaning Pasadena shahridagi nasroniylar cherkovi rahbari Jorj Regas bu yirik shtat bo’ylab hamisha birga sayohat qiladi. Odamlar bilsin, turli e’tiqod vakillari bir-biri bilan kelishib yashay va ishlay olishini, deydi ular.

Uch taqvodor bilan uchrashuv chog’ida o’quvchilar ulardan “diningizning zo’ravonlik masalasiga munosabati qanday?” deb so’radi. Ravvin Birman javob berar ekan, afsuski, yovuz kuchlar hamisha dindan foydalangan, deydi.

“E’tiqod aziyat chekkan odamga rohat baxsh etadi, zaifga jasorat beradi, insonlar hayotiga ma’naviyat olib keladi”,- deydi ravvin.

Mohir Xatut nazarida, o’quvchilar dinning dunyodagi roli va har bir inson hayotidagi o’rni haqida qiziqib so’rayotgani, ziyo izlayotgani ijobiy hol.

“Ular o’z qiziqishlarini juda yaxshi tushuntirib berayapti. Savollar o’rinli. Tahliliy-tanqidiy fikrlayapti. Ular diniy mavzularni erkin va ochiq muhokama qilayapti. Bilmaganini so’rashdan uyalmaydi”.

Bu maktab - xususiy dargoh. Shu sabab, deydi tarix muallimi Maykl Roffina, bu yerda o’qituvchilar munozarali mavzular, masalan din haqida ochiqchasiga gapirishdan, o’quvchilar bilan bahslashishdan tortinmaydi.

“Davlat maktablarida buni ko’rmaysiz. Chunki din - juda nozik masala. Nazarimda, ko’plab ilm maskanlari mana shunday diniy yetakchilarni taklif qilib, o’quvchilar bilan uchrashtirishi kerak”.

Ruhoniy Jorj Regasning aytishicha, dinlararo aloqalarni yaxshilash – global masala. Lekin, deydi u, bu mahalliy tashabbuslarga asoslanishi kerak. Ijtimoiy adolat - barcha dinlarning negizi, deydi nasroniy yetakchi.

Musulmon, yahudiy va nasroniy yetakchilar o'quvchilar bilan savol-javob qilish juda foydali deydi
Musulmon, yahudiy va nasroniy yetakchilar o'quvchilar bilan savol-javob qilish juda foydali deydi

“Yahudiy, musulmon va nasroniyning haqiqiy do’st bo’lganini ko’p uchratmaysiz, to’g’rimi, ayniqsa yillar davomida. Biz bir-birimizga g’amxo’rmiz, bir-birimizni qo’llab-quvvatlaymiz, oramizda qizg’in bahslar ham bo’ladi, lekin bag’rikenglik yo’qolmaydi”.

12-sinf o’quvchisi Vanessa Lu diniy yetakchilar bilan qilgan muloqotidan mamnun.

”Menimcha, din vijdonga asoslanadi. Vijdon esa insonga xos narsa”,- deydi u.

Dinlararo muloqot muhim g’oyalarni ilgari suradi, deydi yana bir o’quvchi, Brandt Rodi.

“To’siqlarni olib tashlash kerak. Barchamiz o’zaro e’tirof, bag’rikenglik va tinchlik yo’lida xizmat qilishimiz kerak”.

Haqiqiy do’stlik ham dinlar orasida ko’prik bo’la olishini tushundik, deydi o’quvchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG