Breaking News

Qora tarix: Arlington qullari


AQShda har yili fevral oyida afro-amerikaliklar tarixi, tenglik uchun kurashda burilish yasagan insonlar va voqealar yodga olinadi.
Afro-amerikaliklar tarixidan: Arlington qullari/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:30 0:00

Bundan 150 yil avval prezident Avraam Linkoln imzolagan hujjat qullarni ozod etish jarayonini boshlab bergan.

Konstitutsiyaga kiritilgan 13-tuzatish esa AQSh bo’ylab qulchilikka barham bergan. Kishan tashlagan odamlarning bir qismi yangi hayot boshlash uchun poytaxt Vashingtonga keladi.

Virjiniyadagi Arlington qabristoni – yirik ziyoratgoh. Hozirda urush qahramonlari dafn etiladigan bu maskan o’rnida bir paytlar qullar yashaydigan qishloq bo’lgan.

Arlington House muzeyida boshlangan yangi loyiha Kreyg Sayfeks uchun alohida ahamiyat kasb etadi. U o’z oilasi tarixini o’rganmoqda.

“Mana bu rasmda katta bobom Charlz Sayfeks tasvirlangan, tizzasida buvamni ushlab turibdi. Oilamiz tarixi kishini ilhomga to’ldiradi. Undan xulosa shuki, qanchalik ezilgan bo’lsangiz ham oyoqqa turish uchun kuchingiz yetadi. Shijoat qilsangiz bas”, - deydi u.

Kreyg ajdodlari tarixini 15 yildan beri o’rganadi. Buni qarangki, Sayfekslar qul bo’lsada, Arlingtondagi nufuzli oilalardan bo’lgan ekan. Charlz AQShning birinchi prezidenti Jorj Vashington qo’lida ishlab, uning Potomak daryosi bo’yidagi dala-hovlisida istiqomat qilgan. Keyinchalik u va yana 56 qul bu yerdan boshqa joyga ko’chiriladi.

“Kutubxonaga borib kitob varaqlaganda ajdodlarim hayoti haqida doim yangi bir narsa topaman. Qiziqishim yanada kuchayib borayapti”, - deydi Sayfeks.

Ozod etilgan minglab qullar 1863-yilda Vashingtonga ko’cha boshlagach, hukumat qo’shni Virjiniyaning Arlington shahrida ularga yer ajratadi. Fridman qishlog’i (Freedman's Village) deb nom ham berishgan.

Tarixiy obidalarni avaylash agentligi vakili Metyu Penrodning hikoya qilishicha, qishloqdagi yog’och uylarda qariyb 40 yil davomida minglab sobiq qullar yashagan. Maktab, cherkov, kasalxona va hatto yetimxonalar faoliyat yuritgan.

“Aksariyati imkoniyat qidirib kelganlar… Haqiqatdan ham armiyada ish topgan ayol va erkakga yaxshigina pul to’langan. Umuman olganda, Fridman qishlog’i farovon hayot izlab kelganlar uchun to’xtash joyi vazifasini o’tagan. Urushdan, qulchilikdan pana bir joy. Nafasni rostlab, odamlar boshqa joylarga ko’chishgan”, - deya hikoya qiladi u.

Katta bobom, deydi Kreyg Sayfeks, qishloqda yetakchi bo’lgan.

“Buning asosiy sababi - o’qish-yozishni bilgani. Qishloqdagi boshqalarni ham savodli bo’lishga undab, dars bergan. Bilim orqali bu mamlakatda bir narsaga erishasiz deb nasihat qilgan”.

Sayfeks ota-bobolari haqida hujjatli film ustida ishlamoqda. Arlington qabristonida yangi muzey ochiladi. Talmij Vilyams bu loyihaga bosh-qosh.

“Tarixdan saboq olmasangiz tarix o’zini takrorlaydi. Qulchilik qaytib kelishini hech kim istamaydi”, - deydi Vilyams.

Arlington qabristoni - ayrim qullarning ham so’nggi manzili. Bu yerda dafn etilgan harbiylar qatorida ularni ham yodga olish o’rinli.

Qullar tarixi/Arlington slaves
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:51 0:00
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG