Breaking News

Quldorlik 400 yillik biznes bo'lgan


Vashingtondagi muzeyda
Vashingtondagi muzeyda

Atlantika okeanining narigi tarafidan qora tanlilarni qul sifatida olib kelib pullash qariyb to’rt asrlik biznes bo’lgan. Afrikadan 17 million kishi qullar bozorida sotilgan. Minglab insonlar sohilga yetolmay nobud bo’lgan. Ularga odam emas, hayvon va mahsulot sifatida qarashgan. Shimoliy Amerika, Karib orollari, Markaziy va Janubiy Amerikada butun iqtisodiyot quldorlikka asoslangan. 400 yilga teng bu mash’um tarixni unutmaslik - bugungi va kelajak avlodning vazifasi.

To'rt asrga teng qullik va quldorlik
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:55 0:00

Amerikada 1861-yilda fuqarolar urushi boshanishidan oldin qullar bozori va ular haqidagi e’lonlar oddiy manzara bo’lgan. Baquvvat, sog’lom qullar bor, olib qolinglar, degan tashviqot namunalari bugunga ham yetib kelgan – turli arxiv va muzeylarda. Kasalmand yoki zaif qullar arzon mahsulot deb qaralgan. Qullarni xo’rlashga jinoyat deb qaralmagan. Qul egasining mulki bo’lgan. U xohlasa, tirik, xohlamasa o’lik.

Jorjiya shtatida, masalan, 1864-yilda sotilgan sog’lom, jismonan kuchga to’la qulning narxi 3 ming dollar bo’lgan. O’z zamonining eng qimmat quli. Bir ona va uning mehnatga qodir ikki bolasi – hammasi birga 7 ming dollar bo’lgan.

Braziliya, Kolumbiya, Yamayka, Mozambik, Senegal, Siyerra Leone va Janubiy Afrika mutaxassislari hamkorlikda katta bir loyiha boshlagan.

Ularning maqsadi qullik va quldorlik davriga xos materiallarni to’plab, yagona manba yaratish.

Janubiy Afrikadan tarixshunos Pol Tikman:

“Quldorlik zamonining ta’siri hozircha namoyon. Kim ekanimizda, bugungi mentalitet va hayot tarzimiz, muammo va chigalliklar ortida ajdodlarimiz qul sifatida ishlatilgani va sotilgani yotadi. O’sha davrga xos azob-uqubatlar va adolatsizlik ruhiyatimizga qattiq ta’sir qilgan”.

“Irqchilik hamon har yerda bor. Qashshoqlik, kamsitilishlar… Dunyo o’tmishimizni, bizga nisbatan qilingan jinoyatlarni tan olishi uchun asrlar o’tdi”.

“Afrika bejiz har sohada orqada qolib ketmagan chunki biz insoniyatning eng kamsitilgan, ajratilgan va xo’rlangan qismimiz. Yangi loyiha mana shu haqiqatga urg’u beribgina qolmay, kelajagimiz porloq bo’lishi uchun qanday qadamlar zarur ekanini ham olg’a suradi”.

Pol Tikman Keyp-Taunda katta muzeyni boshqaradi. 1679-yilda gollandlar bu yerda qullar bozorini ochgan. G’arbu sharqni bog’laydigan xalqaro yarmarka shu yerda bo’lgan. Mozambik, Madagaskar, Indoneziya va Hindistondan ham odamlar qul sifatida qolib kelinib, shu yerda pullangan.

Janubiy Afrika sohillarida
Janubiy Afrika sohillarida

Kepy-Taunda Klifton plyaji yaqinida suvosti muzeyi ham bor. 1794-yilda bu yerda portugal kemasi cho’kkan. Bortdagi 200 dan ortiq mozambiklik qul o’lgan.

Aysaytu Smit, Siyerra Leonedan. Amerikaga Afrikadan olib kelingan insonlar taqdirini o’rganuvchi olima haqiqatni aniqlash va targ’ib qilish kerak, deydi.

“Bens oroli orqali yiliga minglab afrikaliklar G’arb tomon olib ketilgan. Ularga podadek qarashgan. Insonlar tinimsiz xo’rlangan. Bugun bu orolga minglab odamlar sayyoh sifatida kelib, tarixni o’rganishga harakat qiladi. Ajdodlari kim ekaniga qiziqib keladiganlar juda ko’p”.

“Afro-amerikaliklar kelib, ota-bobolari kim bo’lgani bilan tanishib, dodlab yig’lagan paytlar bo’ladi. Chunki bu yerda to’rt asrlik tarixni qoplovchi arxivimiz bor. Ism-sharifigacha bitilgan. Ba’zilar kelib bu yerda motam tutadi. Tadbirlar o’tkazamiz. Insoniyat va vijdon haqida gaplashamiz”.

“Insonlar bir-biriga nisbatan naqadar noinsoniy munosabatda bo’lishi mumkin… Bugungi insonlar quldorlik haqida o’ylab, ruhan ezilishi mumkin. Odamlarni mol sifatida pullash biznes bo’lganini tan olish qiyin. Lekin insoniyatga xos ko’plab illatlar, jumladan kamsitish, hurmatsizlik, zo’ravonlik va xasislik hamon mavjud.”

Mana shu illatlarga qarshi turmas ekanmiz, deydi tarixshunoslar, o’tmishdagi azob-uqubat hozir yoki ertaga takrorlanmasligini ta’minlash juda qiyin.

Qullarga osilgan kishanlar
Qullarga osilgan kishanlar

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG