Umumiy xizmatlar boshqarmasi, federal agentlik, Jo Baydenni bu yilgi prezidentlik saylovlari g'olibi deya tan olib, ma'muriyat yangilanishi silliq kechishi uchun zarur chora-tadbirlarni ko'ra boshlagan.
Prezident Donald Tramp ham Oq uyda nimaiki qilinishi kerak bo'lsa, ma'muriyati bunga tayyorligini bildirgan. Lekin o'zi hali mag'lubiyatni tan olmagan va saylov natijalari yuzasidan "adolat talabi" kuchda ekanini eslatmoqda.
Baydenning prezidentlik inauguratsiyasi 20-yanvarda o'tadi.
Trampning tvit qilishicha, Umumiy xizmatlar boshqarmasining rahbari Emili Merfi saylov o'tganidan beri bosim ostida edi. Bayden yutdi, deya bayonot berishi uchun uni ezishdi, deya yozadi prezident.
Merfi xonim esa o'z bayonotida g'olib haqidagi xulosa shtatlarning tasdiqnomalariga asoslanganini qayd etadi. Trampning saylov yuzasidan shikoyatlari sudlar tomonidan yaroqli deya topilmagan.
"Bilingki, qarorimga mustaqil ravishda keldim, qonun va faktlarga tayangan holda. Menga ijroiya tizimidan hech kim bevosita yoki bilvosita ta'sir o'tkazmadi. Oq uy yoki o'z boshqarmamda hech kimdan ko'rsatma olmadim", - deya yozadi Merfi bo'lajak prezident Baydenga yuborgan maktubida.
Bayonot chiqishi bilan Tramp Merfini ruhan quvvatlashini ma'lum qildi.
Bugun keksa senator Lamar Aleksander, Tennessi shtatidan respublikachi qonunchi Trampni mag'lubiyatni tan olishga undab, davlat va xalq manfaatlari har doim ustun ekanini eslatgan.
"Xalq xizmatidaman degan odam shunga loyiq qadam tashlashi kerak, toki odamlar yodida shu bilan qolasiz", - deydi senator.
Ogayo shtatidan republikachi senator Rob Portman ham shu kabi chaqiriq bilan chiqib, ma'muriyat yangilanish tartibi risoladagidek kechishi demokratik jarayondir, deya ta'kidlagan.
Senator Portman deydiki, Bayden Tramp ma'muriyati tomonidan bo'lajak prezident sifatida qabul qilinib, barcha zarur brifinglar o'tkazilishi lozim. Davlat rahbari bo'lishga shaylanayotgan arbobga mamlakat oldidagi dolzarb masalalar yuzasidan hozirgi ma'muriyat bayonot berishi kerak, deydi Portman. Har safar inauguratsiya oldidan shunday qilinadi.
Aleksander va Portman boshida Trampni qo'llagan. Yana bir respublikachi, G'arbiy Virjiniya senatori Shelli Mur Kapito ham Oq uyni haqiqatga bosh egishga undamoqda.
O'tmishda xavfsizlik razvedka va tashqi siyosat bilan shug'ullangan 100 dan ortiq respublikachi ham maxsus bayonot chiqarib, Prezident Trampni Amerika demokratiyasi va manfaatlariga qarshi qadam tashlayotganlikda qoralagan.
To'rt prezident qo'lida ishlagan bu arboblar Kongressdagi respublikachi liderlarni vijdonsizlik ayblamoqda.
Oq uy ularga to'g'ridan-to'g'ri javob bermasa-da, saylov natijalariga ishonmasligini eslatib turibdi.
Facebook Forum