Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga ko'ra, kelasi yilda jahonda o'sish 4 foizdan oshishi mumkin. Parijda asoslangan xalqaro organ rahbari Angel Gurria bu borada bayon qildi.
Gurria deydiki, mutaxassislarning bunday ijobiy taxminiga qaramasdan 2021-yilda global iqtisod o'zini yetarlicha tiklay olmaydi. 2019-yilning oxiridagi vaziyat bilan qiyoslaganda hamon ancha sust bo'ladi, deydi u.
"Pandemiya davom etar ekan, ahvol ham shunga yarasha. Virusga qarshi kurash cheklovlar talab qiladi, bu esa iqtisodni sekinlashtiradi", - deydi Gurria.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tahlilicha, Xitoy va Janubiy Koreyada o'sish yuqoriroq bo'ladi, chunki ular koronavirus tarqalishini boshqalarga qaraganda ko'proq to'xtata olgan.
AQSh va Yevropada esa buning aksi, deydi ekspertlar, shu bois o'sish dunyoning bu qismlarida sekinroq bo'ladi.
Pandemiya iqtisodiy va moliyaviy tizimlarda tub o'zgarishlarga turtki bermoqda. Ularni eplay olgan davlatlarda vaziyat tezroq o'nglanadi, deya ogohlantirmoqda xalqaro tashkilot.
Virusga qarshi kurashni susaytirmaslik, test tartibini takomillashtirish, ijtimoiy masofa saqlagan holda faoliyatni yo'lga qo'yish, vaksina bilan bog'liq jarayon va talablarni to'g'ri olib borish - bularning barchasi iqtisodga ta'sir qiluvchi omillar.
Aholining salomatliga qaragan holda iqtisodni tebratish - har bir hukumat oldidagi ustuvor vazifa, deya eslatmoqda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti.
Bizneslarni quvvatlang, ijtimoiy yordamni to'xtatmang va shu bilan birga tirikchilik uchun imkoniyatlar yarating. Mutaxassislar shunday tavsiya bermoqda.
Facebook Forum