Breaking News

Bayden kam daromadli oilalarga favqulodda yordam berishni buyurdi


Prezident Jo Bayden bugun imzolagan ikki farmon pandemiya davrida qiynalib qolgan millionlab oilalarga favqulodda yordamni, shuningdek, ayrim kategoriyadagi mehnatkashlarga soatbay ish haqini 15 dollargacha oshiradi.

“Inqiroz chuqurlashib bormoqda. Aholiga madad ko’rsatish vositalari bor, keling ularni ishga solamiz. Hoziroq”, - dedi yangi prezident Oq uydan qilgan murojaatida.

Bular, deydi Bayden, vaqtinchalik choralar. Muhimi, Kongress taklif etilayotgan qariyb 2 trillion dollarlik navbatdagi yordam paketini qabul qilishi lozim.

Farmonlardan biri kam daromadli oilalar uchun mo’ljallangan oziq-ovqat dasturini kengaytirishni, maktab o’quvchilariga qo’shimcha ovqat puli berishni ko’zlaydi. Ikkinchisiga ko’ra, federal agentliklar kam maoshga ishlayotganlar ro’yxatini tuzib, ish haqini oshirish bo’yicha tavsiyalar berishi kerak.

AQSh Mehnat vazirligi ma’lumotiga ko’ra, o’tgan hafta yana 900 ming amerikalik ishsizlik nafaqasi so’rab hukumatga murojaat qilgan. Ushbu raqam koronavirus avj olayotgan bir paytda yangi ma’muriyat yuzlashib turgan iqtisodiy muammolar ko’lamiga ishoradir.

“Odamlar och qolishiga yo’l qo’ya olmaymiz. Ayrimlar aybsiz uyidan haydab chiqarilmoqda, ishidan ayrilmoqda. Chora ko’rishga majburmiz”, - dedi Bayden.

Uning ta’kidlashicha, Amerikada iqtisodiy ahvol og’irligicha qolmoqda va Kongress dadil harakat qilishi lozim. Prezident Moliya vazirligiga oldingi yordam paketlaridan turli sabablarga ko’ra o’z ulushini olmagan 8 million fuqaroga qanday bo’lmasin chek yetkazishga ham ko’rsatma berdi.

Sal avval AQShning yangi rahbari koronavirusga qarshi kurash rejasini ham e’lon qilgan edi. Keyingi 100 kunda butun mamlakat bo’ylab niqob taqish, vaksina ishlab chiqarishni oshirish, maktablar va bizneslar qayta ochilishi uchun sharoit yaratish belgilangan.

Bayden fikricha, iqtisod oyoqqa turishi koronavirus jilovlanishi bilan chambarchas bog’liq. Bu Tramp davridagi yondashuvdan tubdan farq qiladi. Sobiq prezident infeksiya keng tarqalayotgan bo’lsa-da, shtat gubernatorlaridan karantin choralarini bekor qilishni so’ragan edi.

Bayden taklif etayotgan 2 trillion dollarlik paket Kongressda ovozdan o’tishi oson bo’lmaydi. Qo’shimcha sarf-xarajat byudjetga og’ir tushishini ta’kidlayotgan raqib partiya vakillari bilan muzokara boshlangan.

Masalani chigallashtirayotgan bir omil sobiq Prezident Donald Trampni impichment qilish bo’yicha ish 25-yanvar kuni Vakillar palatasidan Senatga oshirilayotganidir. Trampning partiyadoshlari bundan norozi.

Impichment amaldorni o’z lavozimini suiis’temol qilishda ayblash va uni tekshirish demakdir. Ammo Tramp allaqachon sobiq prezident.

Senatda uning ustidan mahkama qanday o’tishi noma’lum, chunki AQSh tarixida hech bir prezident ikki bor impichment qilingan emas, Oq uyni tark etganidan keyin Senat mahkamasiga tortilgan ham emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG