Breaking News

AQShda har kuni taxminan chorak million kishi koronavirusga chalinyapti


Los-Anjeles: Morglar to’lib borayapti
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:30 0:00

AQShga uchayotganlardan koronavirus testidan o’tib, manfiy natija chiqqani to’g’risida ma’lumotnoma taqdim etish so’raladi. Yo’lovchi test natijasini samolyotga chiqish oldidan ko’rsatishi lozim. Ushbu yangi tartib 26-yanvardan kuchga kiradi.

Qo’shma Shtatlarda har kuni taxminan chorak million kishi koronavirusga chalinyapti va bu raqam o’sib bormoqda. Hozirgacha 11 milliondan ortiq odam emlangan. O’lganlar soni 393 000 ga yaqinlashmoqda. 2021-yilning ilk ikki haftasida 38 ming amerikalik vafot etgan. Kelasi uch haftada yana 92 ming odam virusdan o’lishi ehtimoli bor, deya ogohlantirmoqda AQSh Kasalliklarni nazorat qilish markazi.

Xususan, Kaliforniyada dafn xizmatlari yaqinlarini ko’mish uchun murojaat qilayotgan oilalarga rad javobini berishga majbur.

Los-Anjeles kasalxonalarining intensiv muolaja bo’limlari to’lib boryapti. Kaliforniyaning bu shahri – koronavirus o’chog’i. Virusdan o’layotganlar ko’pligi sababli dafn xizmatlariga ham talab katta. Oilalar yaqinlarini ko’mish uchun haftalab kutishiga to’g’ri kelayapti.

“Dafn marosimi kechikadi, deb xabar beryapmiz. Mayitni 3-4 hafta saqlab turishimiz mumkin”, - deydi dafn byurosi rahbari Kendi Boyd.

Kaliforniya shtatida virusdan o’lganlar 33 mingdan oshdi. Shundan 13,5 mingi Los-Anjeles okrugida.

“To’rt kun oldin 10 ta qo’ng’iroq bo’ldi. Shoshib qoldik, chunki joyimiz yo’q. Boshqa o’likxonalardan yordam so’radik”, - deydi org transport xizmati xodimi Samuel Iton.

“Tinmay qo’ng’iroqlar bo’layapti. Navbat bilan xizmat ko’rsatayapmiz. Jasadlarni saqlash uchun qo’shimcha joy qurishga buyurtma berganmiz”, - deydi Boyd.

Yana bir dafn byurosi egasi Rob Karlin ham o’xshash vaziyatni tasvirlab berdi.

“Misli ko’rilmagan vaziyat. Los-Anjelesda joy bilan bog’liq muammolar yuzaga kelyapti. So’nggi to’rt kunda sakkizta oilaga “sizga yordam bera olmayman”, deb aytdim. Marhumni sovuq saqlash va mumiyolash uchun biz foydalanadigan inshootda atigi 85 ta joy bor. Kecha 375 kishilik boshqa bir morgda ham bo’ldim. Ularda ham joy yo’q. Muzlatgichli yuk mashinasini kutishayotgan ekan, morg sifatida foydalanish uchun”, - deydi Karlin.

Martin Lyuter King kasalxonasi qoshidagi COVIDga test topshirish markazida uzun navbatlar. Odamlar xavotirini yashirmaydi.

“Menda diabet bor. Yoshim ham katta”, - deydi bir amerikalik.

Shtatda vaziyat og’ir. Kaliforniya Milliy gvardiyasi yordamga safarbar etilgan. Kasalxonalarga muzlatgichli yuk mashinalari ham jo’natiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG