Breaking News

Pandemiya ishonchli axborot muhim ekanini ko'rsatmoqda


COVID-19 pandemiyasi global miqyosda ommaviy axborot vositalari faoliyatiga ta’sir ko’rsatdi. Ko’plab mamlakatlarda senzura kuchaydi, jurnalistlar ta’qib qilindi. Ammo ishonchli axborot qanchalik muhim ekanini yana bir bor angladik, deydi media ekspertlar.

Nashriyotlar yopilishi, muxbirlarga qarshi hujumlar va tahdidlar hamda dezinformatsiya – bular oy boshida o’tgan Butunjahon matbuot erkingligi konferensiyasida media sohasi uchun 2020-yilning asosiy muammolari sifatida qayd etildi.

“Ishonchli yangiliklarga talab har qachongidan yuqori”, - deydi Daniyada asoslangan Mediani quvvatlash nohukumat tashkiloti rahbari Esper Xoyberg.

Beqaror o’lkalarda mahalliy axborot vositalariga ko’maklashuvchi bu tashkilot ular qanday muammolar bilan yuzlashayotganini bilish uchun so’rov o’tkazgan. Xulosa shuki, auditoriya kengayishi va ishonchli axborotga talab oshishi bilan bir qatorda senzura kuchaygan, xabar tarqatishga to’sqinlik qilishga urinishlar bo’lgan.

“O’zgacha informatsion voqelikni taqdim etishga intilgan veb sahifalar bloklanganini ko’rdik. Ishonchli ma’lumot berishga uringan radio va onlayn kanallarni uzib qo’yish, litsenziyalarini olib qo’yish holatlari kuzatildi”, - deydi Xoyberg.

Shunday bo’lsa-da, uning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, media va fuqarolik jamiyatiga ishonch sekin-asta o’sib bordi, chunki fuqarolar hukumatdan ololmaydigan ma’lumotlarni qidirmoqda.

Media sanoati yuzlashayotgan muammolar YUNESKO va Xalqaro noshirlar assotsiatyasi yuritayotgan qo’shma loyihasining ham kun tartibida.

“Dunyo pandemiya va uning oqibatlari bilan kurashar ekan, ko’plab mintaqalarda jurnalistikaning barbod bo’lishi o’sib borayotgan tahdiddir”, - deyiladi ikki tashkilot bayonotida.

Loyiha orqali ushbu muammolar o’rganilib, hukumatlarga mediani qo’llab-quvvatlash bo’yicha tavsiyalar beriladi. Asosiy e’tibor Afrika, Lotin Amerikasi va Osiyoda, deydi YUNESKO vakili Gay Berger.

“Bozor, auditoriya, qonun-qoidalar, axborot vositalarining biznes va jurnalistik amaliyotlarini o’rganib chiqamiz. Tadqiqot natijalarini 2021-yilning o’rtalarida taqdim etamiz”, - deydi u.

Bergerning aytishicha, izlanish media sektorini qanday rivojlantirish bo’yicha bir qator tavsiyalarni ham o’z ichiga oladi, toki axborot vositalari har bir jamiyatda aholiga ishonchli axborot berish vazifasini bajara olsin.

Pandemiya inqiroz paytida mahalliy ommaviy axborot vositalari ishlab turishi qanchalik muhim ekanini ham ko’rsatdi, deya qayd etadi Mediani quvvatlash nohukumat tashkiloti rahbari Esper Xoyberg.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG