Qirgʻiziston parlamentining deputatlari 25-iyun kungi majlisda “Axborotni manipulyatsiya qilish toʻgʻrisida” qonun loyihasini qabul qildi. Fuqarolik jamiyati faollari va ayrim deputatlar loyiha soʻz erkinligi va demokratik qadriyatlarni cheklashini aytib, uni tanqid qilmoqda.
Qonun loyihasining tashabbuschilari – deputatlar Gulshat Asilbayeva va Aynura Osmonovaning bildirishicha, uning asosiy maqsadi fuqarolarni internetdagi yolgʻon axborotlardan himoya qilishdir.
Asilbayevaning aytishicha, bunday qonun yolgʻon axborotlar va soxta akkauntlarga qarshi kurashishga yordam beradi. Hujjatga koʻra, veb-saytlarning hamda ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarning egalari roʻyxatdan oʻtish vaqtida haqiqiy maʼlumotlarni koʻrsatishga majbur.
Internet provayderlaridan esa foydalanuvchilarning maʼlumotlarini, jumladan surat, audio hamda videolarini olti oy davomida saqlash va soʻrov boʻyicha mazkur maʼlumotlarni davlat idoralari bilan boʻlishish talab qilinadi.
Deputat Taalaygul Toktakunovaning “Amerika Ovozi”ga tushuntirishicha, mazkur qonunning qabul qilinishi Qirgʻizistonda yangi bir davlat idorasini paydo qiladi.
“Chunki avvalda qandaydir bir maʼlumot sizning obroʻyingizga zarar yetkazdi deb hisoblasangiz toʻgʻridan-toʻgʻri sudga murojaat qilib, huquqingizni himoya qilsangiz boʻlar edi. Hozir esa taklif qilinayotgan qonun asosida yangi davlat idorasi ochilib, dastlab shu idoraga murojaat qilish kerak ekan. Tarqagan maʼlumot toʻgʻri yoki toʻgʻri emasligi haqidagi xulosani shu idora bera oladi. Menimcha, hozirda bizning iqtisodimiz oqsab turganda bu toʻgʻri emas. Buning ustiga bizda tarbiyalovchi, jazolovchi idoralar koʻp. Yana bir shunday davlat idorasiga hojat yoʻq deb oʻylayman”, - deydi advokat.
Ushbu qonun loyihasi haqida oʻz fikrlarini bildirgan parlament deputati Dastan Bekeshevning tushuntirishicha esa qonun kuchga kiradigan boʻlsa, madaniyat vazirligi sud qarorisiz internet foydalanuvchilaridan yoki sayt egalaridan u yoki bu maʼlumotni oʻchirib qoʻyishni talab qila oladi.
“Agar siz bunga rozi boʻlmasangiz, u holda u sudga yoki provayderlarga murojaat qila oladi va ular axborotni oʻchirishga majbur boʻladi”, - deydi deputat.
Bekeshev fikricha, konstitutsiyaga koʻra bunday qonunlar senzura hisoblanadi va Qirgʻizistonda senzura taqiqlangan.
“Agar feyk akkauntdan yozsangiz, uni ham oʻchirishadi. Ammo men feyk yoki feyk emasligini qanday aniqlashlarini tushunmayapman”, - degan deputat Bekeshev.
Media vakillari va huquq himoyachilari bu tashabbus soʻz erkinligini cheklaydi, konstitutsiyaga qarshi keladi deb xavotir olmoqda.
Qonunga qarshi fuqarolar qonun tashabbuskori deputat Asilbayevaning “Facebook” sahifasida “mandatingni topshir” degan fleshmob uyushtirib, Jogorku Kenesh binosining oldida norozilik mitingiga toʻplanib, qonunni chaqirtirib olishni talab qilishdi.
“Qirgʻiziston hukumati yangi tariximizda soʻz erkinligini bir necha bor cheklashga harakat qilib keldi. Bu ilk qadami emas. Lekin bu safar niyatiga erishdi shekilli. Hozirgi vaqtda butun dunyoda, shuningdek, mamlakatimizdagi pandemiya taʼsirida xalq qiynalib turganda, boshqa masalalarga toʻliq eʼtibor qarata olmayotganidan foydalanib, maʼmuriy resursni ham orqasiga olib, parlamentdagi deputatlar yaqinlashayotgan saylov uchun manfaatdor ekanini koʻrsatib, qonun loyihasini qabul qildirib oldi. Bu qonunning qabul qilinishi juda koʻp savollarni tugʻdiradi. Birinchidan, qonun loyihasi Rossiyadan toʻgʻridan-toʻgʻri koʻchirib olindi. Ikkinchidan Jogorku Keneshning barcha reglamenti saqlangani yoʻq. Koronavirus yuqtirib olgan deputatlar qatnashmasa ham ularning oʻrniga ovoz berilib qabul qilindi. Bu esa mazkur qonun hukumat uchun kerak ekanligini koʻrsatadi. Bu hukumatning qamchisiga aylanuvchi qonun. Chunki Qirgʻizistonda hukumatning uzurpatsiyasiga, avtoritarligiga soʻz erkinligi qarshilik qilib kelgan. Endi maxsus bir loyiha bilan Turkmaniston modeliga qarab yoʻl olyapmiz shekilli”, - deydi media ekspert Ruslan Akmatbek.
Lekin bunday qonunga ehtiyoj mavjud edi deganlar ham yoʻq emas. Ulardan biri jamoat arbobi Qadir Qoshaliyev. Unga koʻra, oxirgi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda turli shaxslarga nisbatan haqoratlar, tuhmatlar va mazax qilish holatlari koʻpayib ketgan va buni cheklash zarur.
“Ijtimoiy tarmoqlarda haddan ortiq ravishda “beldan pastga tushib” mazax qilish, kerak boʻlsa millatlararo, hududlararo, diniy eʼtiqodlararo qarama-qarshiliklarni ataylab kuchaytiruvchi axborot koʻp chiqayotgani sabab mazkur qonunni qabul qilish zarurati paydo boʻldi shekilli. Lekin jamoatchilikda bu qonun matbuot erkinligini cheklab qolmaydimi degan xavotir ham yoʻq emas. Bu xavotir ham bejiz emas. Balki chindan ham bu qonunni muxolifat bilan kurashish yoki hukumatga nisbatan tanqidlarga chek qoʻyish maqsadlarida foydalanishi ham ehtimol. Buni toʻliq inkor qilib boʻlmaydi”, - deydi Qadir Qoshaliyev.
Jurnalistlarni himoya qilish qoʻmitasi (CPJ) Prezident Sooronbay Jeenbekovni “Axborotni manipulyatsiya qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini qabul qilmaslikka chaqirdi.
“Prezident Sooronbay Jeenbekov agar biz Qirgʻizistonning Markaziy Osiyodagi qoʻshnilari orasida koʻrayotgan repressiyalarga qatnashishni istamasa, bu qonunni qabul qilmasligi kerak”, - degan CPJning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha rahbari Gulnoza Said.
Muzokaralarga sabab boʻlayotgan mazkur qonun loyihasini roʻyxatga olingan 89 nafar deputat ichidan 79 deputat yoqlab ovoz bergan, 10 nafari qarshi chiqqan. Endi hujjat imzolanish uchun prezidentga yuboriladi.
Facebook Forum