O’zbekiston internetdagi tanqidlarga qarshi vatanparvar blogerlar armiyasi bilan kurashmoqchi. Ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan salbiy fikrlarni aniqlash va ularga qarshi kurashish maqsadida vatanparvar blogerlar guruhini tuzish tashabbusi jamoatchilik tomonidan ana shunday qabul qilindi.
Yoshlar o’rtasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish doirasida taqdim qilingan qaror loyihasiga ko'ra, vatanparvar blogerlar virtual guruhining asosiy vazifasi ijtimoiy tarmoqlardagi salbiy fikrlarni aniqlash, bu fikrlar ta’siriga tushib qolmaslik uchun murosasiz muhitni shakllantirish sifatida belgilangan.
Ichki ishlar vazirligi tomonidan taqdim qilingan qaror loyihasida ijtimoiy tarmoqlardagi salbiy fikrlarga nisbatan murosasiz muhit qanday yaratilishi aniqlashtirilmagan.
Ammo o’z tanqidiy chiqishi bilan tanilgan o’zbekistonlik jurnalistlar va blogerlar internetdagi murosasizlik muhiti qanday ekanligi bilan yaxshi tanish ekanini aytadi.
Shabnam Olloshukurova tanqidiy chiqishlari uchun hukumat va ijtimoiy tarmoqlardagi “vatanparvarlar” tomonidan tahdidga uchragan bloggerlardan biri.
O’zbekistonda muxolafatga tegishli norozilik aksiyalarini yoritgan Olloshukurovani mahalliy hukumat ruhiy nosog’lom deb topib, majburan jinnixonaga yotqizgan. Olloshukurovaga nisbatan ijtimoiy tarmoqlardagi tahdidlar u ruhiy kasallar shifoxonasidan ozod etilishidan so’ng ham to’xtamadi.
U tahdidlar ortidan O’zbekistonni tark etishga majbur bo'lganini aytadi.
Olloshukurovaning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, "vatanparvar blogerlar" guruhini tuzish rejasi ijtimoiy tarmoqdagi tanqidchilar ovozini o’chirishni maqsad qilmoqda.
“Qaror loyihasida vatanparvar blogerlar guruhiga salbiy fikrlarni aniqlashtirish, izlab topish vazifasi yuklatilgan. Salbiy fikrlar deyilganda ijtimoiy tarmoqdagi tanqidlar nazarda tutilayotganiga hech qanday shubha yo’q. O’zbekiston hukumati shu yo’l bilan tanqidchilarning og’zini yopmoqchi, faol blogerlarga nisbatan turli tahdidlar yozish bilan shug’ullanib kelayotgan trollar armiyasini qonunlashtirmoqchi”, - deydi u.
Xorijda yashovchi yana bir o’zbekistonlik jurnalist Narzulla Oxunjonov ham hukumatni trollar armiyasini tashkil etayotganlikda ayblaydi.
“Vatanparvar” blogerlarning nishoni, albatta, mustaqil jurnalistlar, blogerlar, xorijdagi muxolifat, huquq himoyachilari, umuman, O’zbekistondagi vaziyatni, hukumatni tanqid ostida ko’rayotganlar bo’lishi aniq. Bu kabi trollar, soxta vatanparvarlar O’zbekistonda hozir ham faol, ayniqsa, xorijdagi muxoliflarga nisbatan. Ularning asosiy ishi ijtimoiy tarmoqlar orqali tanqid bildirayotgan faollarni haqoratlash, shaxsini kamsitish, tahdid qilish, qo’rqitish. Bu qaror O’zbekiston hukumati Karimov davriga qaytayotganining yana bir isboti. Boshqa tomondan mamlakatda tanqidiy ruhdagi chiqishlar qilayotgan blogerlarga berilayotgan ogohlantirish ishorasidir ham”, - deydi Oxunjonov.
Muhokama uchun hukumat portaliga joylashtirilgan qaror loyihasi “Voyaga yetmaganlar va yoshlar o’rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini yanada takomillashtirish bo’yicha chora-tadbirlar to’g’risida” deb nomlanadi.
Loyiha doirasida qabul qilingan “Yo’l xaritasi”ga ko’ra, qaror ijrosiga hukumatdagi barcha vazirliklar, jumladan, Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura, Ichki ishlar va boshqa bir qator vazirliklar jalb qilinadi.
Qaror loyihasi ijtimoiy tarmoqlarda ancha munozara qo’zg’adi, trollar armiyasini rag’batlantirish harakati tanqid qilindi. Ammo loyiha muallifi deb ko’rilayotgan Ichki ishlar vazirligi hozircha jamoatchilikka biror izoh taqdim etmagan.
Loyiha 25-aprelga qadar jamoatchilik muhokamasida bo’ladi, shundan so’ng imzo uchun mamlakat prezidentiga taqdim etilishi kutilmoqda.
Facebook Forum