Breaking News

O’zbekistonda karantin va so’z erkinligi - muvozanat qayerda?


O’zbekistonda koronavirusga qarshi kurash davomida yolg’on axborot tarqatish, aholi o’rtasida vahima uyg’otish kabi ayblovlar bilan mahkamaga tortilgan blogerlar soni anchaga ko’paydi. Yolg’on axborot tarqatganligi uchun ma’muriy qamoqqa hukm qilingan blogerlar qatorida deputatlar ham bor.

Qo’qon tuman kengashi deputati Nodir Hamidov ijtimoiy tarmoqlarda shaharda ikki kishida koronavirus aniqlanganiga doir tarqatgan xabari ortidan deputatlik maqomidan mahrum qilingan. Sud qarori bilan 15 sutkaga qamalgan.

Mahkamaga tortilayotgan blogerlarning ko’payishi karantin talabi, virus tahdidi bois hukumat tomonidan e’lon qilingan so’nggi qarorlar, qonunchilikka kiritilgan o’zgartirishlarga ham borib taqaladi.

Karantin tartibi buzilishiga doir javobgarlik nafaqat O’zbekistonda, balki ayrim ilg’or demokratik davlatlarda ham jiddiy, ammo so’z erkinligining keskin cheklanishi darajasida emas.

Mahalliy deputatning Qo’qonda ikki kishida koronavirus topilganiga doir xabari prokuratura tomonidan yolg’on, aholi o’rtasida vahima uyg’otuvchi uydirma deb baholangani epidemiya yuzasidan har qanday ma’lumot, mulohaza bildirish ham mutlaq hokimiyat vakolatiga o’tganidan darak beradi.

Nodir Hamidovning deputatlik maqomidan mahrum qilingani, 15 sutkaga qamalgani jamoatchilikda, jumladan nisbatan faol bo’lgan o’zbek blogerlari doirasida ham biror munozara uyg’otgani kuzatilmagan.

Koronavirusga qarshi kurashga qadar o’zbek matbuotini nisbatan jonlantirib turgan blogerlar faoliyatida bosiqlik kuzatiladi. Bu karantin keskinlashgani bilan bog’liqmi yoki boshqa sabablar bilanmi, noma’lum.

Huquq himoyachilari koronavirusga doir vaziyat avtoritar hukumatlarga qo’l kelayotgani, hatto bunday tuzumlar ayrim qatlam, guruhlarda moyillik uyg’otayotganiga doir xavotirlarni izhor qilishmoqda.

O’zbekiston avtoritar boshqaruvdan voz kechish va’dasini bergan, ammo hamon bu tuzumdan xalos bo’la olmayotgan davlatlardan biridir.

BMT Inson huquqlari qo’mitasining O’zbekistondagi inson huquqlariga oid vaziyat yuzasidan yaqinda e’lon qilgan tavsiyalarida ham aynan shu haqda, hukumat islohotlar va’da qilgani, ammo bu islohotlar hamon oqsayotgani haqida gap boradi.

Inson huquqlari bo’yicha xalqaro tashkilotlar, jumladan “Human Rights Watch” (HRW), qo’mitaning O’zbekistonga bergan tavsiyalarini qo’llab chiqdi.

HRW marhum Islom Karimov boshqaruvidagi turg’unlik va repressiyalar davridan qutulgan O’zbekistonning yangi hokimiyati inson huquqlariga oid islohotlarni tugal amalga oshirish imkoniyatida, degan umid bildiradi.

Shu maqsadda O’zbekiston hukumatini, BMT tavsiyalarida ko’rsatilganidek, so’z va e’tiqod erkinligini kafolatlashga, diniy-siyosiy motivlar bilan qamoqda qolayotgan mahbuslarni ozod qilishga, diniy e’tiqodni jinoiy toifalash amaliyotidan voz kechishga chaqiradi.

BMT O’zbekistonda matbuot orqali yolg’on ma’lumot tarqatish, haqorat, tuhmat qilish kabi holatlar hamon jinoyat sifatida talqin etilayotganidan, internet nazorati olib tashlanmagani, ayrim mustaqil axborot vositalarini bloklash davom etayotganidan tashvish bildirgan.

Jurnalistlar, blogerlar doxil faollarni yolg’on ma’lumot tarqatish, tuhmat qilishda ayblab mahkamaga tortish, O’zbekistonda karantin joriy etilishidan avval ham tajribada kuzatilayotgan voqelik edi.

Karantin soyasida bu holat yanada keskinlashgan. Nafaqat virus tarqashiga oid vaziyat, balki narx-navo oshayotganidan, mavjud ijtimoiy muammolardan qiynalayotgan aholi noroziligiga doir ma’lumotlar ham keskin nazoratga olingan.

Narx-navoga, mavjud ijtimoiy muammolarga doir xabarlar matbuotda emas, asosan ijtimoiy tarmoqlardagi faollar tomonidan tarqatilayotgani kuzatiladi. OAV asosiy diqqatni koronavirusga doir vaziyatda hukumat choralarini qo’llab-quvvatlashga qaratgan.

BMT qo’mitasining inson huquqlari bo’yicha O’zbekiston hukumatiga tavsiyalari koronavirusga doir vaziyat inobatidan chetda, bu boradagi muqaddam mavjud muammolarni nazarda tutadi.

Ammo koronavirus bilan bog’liq choralar ayrim muammolarni yanada keskinlashtirgan, jumladan oilaviy, ayollarga nisbatan zo’ravonlik masalasini.

O’zbekistonda bu muammo bilan shug‘ullanib kelayotgan bloger, “Nemolchi.uz” sahifasi rahbari Irina Matviyenkoning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, karantin choralari dunyo bo’ylab oilaviy zo’ravonlik kuchayishiga sabab bo’lgan.

“O’zbekistonda oiladagi zo’ravonlik, xususan ayollarga nisbatan zo’ravonlik azaldan og’ir muammo. Aksariyatni uyda qolishga majbur qilgan karantin choralari bois dunyo bo’ylab oilaviy zo’ravonlik keskin ko’paydi. Ammo butun dunyoda bu vaziyat jiddiy nazorat qilinsa, ma’lum bir statistika yutilsa, O’zbekistonda mavhumlik. O’zbekistonda bunday sharoitda oilaviy zo’ravonlik ko’lami keskin oshganiga shubha qilmasa ham bo’ladi. Ammo mavjud an’analarga ko’ra, bu zo’ravonlik ko’lami haqida jamoatchilik ham, huquq-tartibot idoralari ham xabardor qilinmaydi”, - deydi Matviyenko.

O’zbekistonda ayollarga nisbatan zo’ravonlik, hukumatning bu muammoga munosabati bir qarashda ancha bahsli ko’rinadi. Bu muammo bilan shug’ullanib kelayotgan faol Irina Matviyenko ham bosimdan chetda emas.

Yaqinda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Matviyenko rahbarligidagi “Nemolchi.uz” saytini milliy qadriyatlarga yot materiallar tarqatganlik bo’yicha ogohlantirdi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG