O’zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) ayollarga nisbatan zo’ravonlik muammosini yoritib kelayotgan “Nemolchi.uz” sahifasini milliy qadriyatlarga yot, axloqsiz materiallar tarqatishda ayblamoqda.
Mazkur saytda bolaligida zo’rlangan ayolning xotiralari e’lon qilingan. Buning ortidan agentlik sayt rahbari Irina Matviyenkoga milliy qadriyatlarga to’g’ri kelmaydigan bu maqolani saytdan olib tashlash tavsiyasini jo’natadi.
Matviyenko esa AOKA tavsiyasiga qaramay maqolani sahifadan olib tashlamagan. Uning ishonishicha, zo’rlangan ayol xotiralari, matbuot agentligi ta’kidlaganidek, axloqsizlikni targ’ib qilmaydi, qonunchilik talablarini buzmaydi. Zo’ravonlik qanday bo’lsa, shunday tasvirlangan.
“27-mart kuni “Nemolchi.uz” administratori UZINFOKOMdan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xati biriktirilgan ogohlantirish oldi. Xatda “Nemolchi.uz” saytida milliy qonunchilik talablari buzilgan material joylashtirilgani xabar qilingan, mazkur maqoladan iqtibos keltirilgan. Zo’rlangan muallif xotirasida “shkafda berkinib masturbatsiya qilish” degan jumla bor. Aynan shu jumla, jinsiy zo’rlik saytimizni tekshirgan agentlik xodimlarida norozilik uyg’otgan. Ular menga bu “xatoni” to’g’rilashni tavsiya qilishmoqda. Men qarshiman, loyiha axloqsizlikni, pornografiyani targ’ib qilmaydi. Shuningdek, axborot agentligi ta’kidlaganidek milliy qadriyatlarga ham qarshi emas. Bu hikoya bolaligida zo’rlangan va buni jamoatchilik bilan bo’lishishni istagan ayolning shaxsiy kechinmalari, zo’rlik qanday, shunday eslangan”, - deydi Irina Matviyenko.
AOKA tavsiyasiga norozilik bildirgan Irina Matviyenko ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali so’z erkinligini himoyalashni so’rab, jamoatchilikka murojaat bilan chiqadi. Uning murojaati faollar tomonidan qo’llab-quvvatlanadi, jumladan AQShning O’zbekistondagi elchisi tomonidan ham.
Matviyenko bu qo’llovdan minnatdor, ammo yordam so’rab bevosita murojaat qilgan vakolatli shaxslar, xususan Milliy mass-mediani qo’llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi rahbari Komil Allamjonov, uning o’rinbosari Saida Mirziyoyevalar ko’rsatgan befarqlikdan hafsalasi piligini aytadi.
Matviyenkoga ko’ra, O’zbekistonda ayollarga nisbatan zo’ravonlik og’ir, dolzarb muammoligicha qolmoqda.
Zo’rlikka uchragan ayollarni himoya qilish ayrim guruhlar tomonidan oilani buzishga harakat sifatida baholanadi. Matbuotdagi munosabat ham bundan uzoq emas. Xususan, “Nemolchi.uz” bilan bog’liq vaziyatni ham o’zbek matbuoti chetlab o’tgan.
Facebook Forum