O’zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komill Allamjonov “To’g’ri.uz” nashrining faoliyati to’xtashi siyosiy sabablar bilan bog’liq emas, deya bayonot berdi.
“To'g’ri.uz” - so'nggi bir yil ichida o’tkir mavzularni ko’tarishi ortidan tugatilgan uchinchi nashr.
Jurnalistlarga ko'ra, sayt faoliyatining to’xtatilishi moliyaviy muammo bilan bog’liq emas. Nashr muharriri Xurshid Yo'ldoshev sayt yopilganini "Facebook" orqali e'lon qilar ekan, “qish yaqin” degan majoziy iborani ishlatgan.
Shu yilning iyun oyida ro’yxatdan o’tgan, yangiliklar va tahlilga ixtisoslashgan “To’g’ri.uz” qisqa fursatda O’zbekiston axborot maydonida o’z muxlisini topgan edi.
Ismi ochiqlanmasligini so’ragan jurnalistning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, nashr faoliyatini to’xtatish haqida favqulodda qabul qilingan qaror turli taxminlarga sabab bo’lgan. Shiddat bilan faollashayotgan “To’g’ri.uz” raqobatchilar bosimiga uchragani ham shunday taxminlar qatorida ko’riladi.
Nashrning asl egasi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo'jayev ekani aytiladi.
Bir taxminga ko’ra, mamlakat axborot bozorida yetakchilik qilayotgan nashrlar hukumatga yaqin amaldorlar qo’liga o’tishi natijasida raqobatga da’vogarlik qilayotgan yangi nashrlarga bosim ortgan.
“Amerika Ovozi” mamlakatdagi yetakchi nashrlarda muassislar o’zgarganiga doir ma’lumotni tasdiqlay olmadi. Yetakchi axborot saytlaridan biri bo’lgan “Kun.uz” 2014-yildan buyon nashr muassisi o’zgarmaganini bildirdi.
O’zbekiston media bozoridagi bo’shliqni to’ldirish uchun “To’gri.uz” loyihasiga qo’l urgan tadbirkorlar nima sababdan shuncha mablag’ tikilgan loyihani to’satdan to’xtatishga qaror qilgani haqida hech qanday izoh berishmagan - nashrdagi 30 nafarga yaqin jurnalistga ham, bu vaziyatni turlicha talqin qilayotgan jamoatchilikka ham.
Ismi ochiqlanmasligini so’ragan jurnalistga ko’ra, “To’g’ri.uz” qisqa davrdagi faoliyati davomida o’zbek nashrlari uchun belgilangan cheklov chegarasini topa olmagan, aniqrog’i, tahririyat bu cheklovni o‘rnatishga shoshilmagan.
Nashr boshqa ommaviy axborot vositalari chetlab o’tgan ijtimoiy-siyosiy mavzularga o’rin bera boshlagan, siyosiy masalalarning mustaqil tahliliga diqqat qaratgan.
“To’g’ri.uz”da chop etilgan bir nechta maqola hukumat idoralari qarshiligiga uchragan, jumladan, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan ham. Xabarlarga ko'ra, agentlik Saida Mirziyoyevaning fotosi chiroyli chiqmagan degan vaj bilan maqolalardan birini saytdan oldirib tashlagan.
Nashr muharriri Xurshid Yo’ldoshev “Amerika ovozi” bilan bu borada gaplashishni istamadi, ammo ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida qoldirgan fikrlari orqali sayt yopilishi sababini majoziy tarzda tushuntirishga urinadi.
“To’g’ri uz yaxshi ishladi, yaxshi ishlagani uchun ham yopildi. Qish yaqin, o’rtoqlar”, - deb yozdi Yo’ldoshev.
“To’g’ri.uz” yopilishi siyosatga bog’liqligi haqida taxminlar kuchayib borar ekan, O’zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov buni rad etuvchi bayonot bilan chiqdi.
Allamjonovning bildirishicha, nashr faoliyatining to’xtatilishi ta’sischilarning ichki va shaxsiy masalasi bo’lib, siyosiy sabablarga aslo bog’liq emas.
Allamjonov o’z bayonotini “Xolis, ma’lum bir shaxslar maqsadlari uchun emas, balki el-yurt farovonligiga xizmat qiladigan OAVlar rivojlanaversin va ko’payaversin!” degan xitob bilan tugatadi.
Avvalroq O’zbekiston axborot bozorida inqilob qilish, siyosiy muxolafatga ham minbar berish shiorini ko’targan “Turon24” agentligi moliyaviy sabablar bois faoliyatini to’xtatgan edi. "Turon24" saytining egasi Allamjonov bo'lgani aytiladi.
Keyinchalik dolzarb mavzular ko’tarish bilan jamoatchilik diqqatiga tushgan “Minbar.uz” nashri ham noma'lum sabablar bois faoliyatdan to’xtadi.
Bir necha oylik qisqa faoliyati davomida axborot maydonida o’z o’rnini topgan “To’g’ri.uz”ning kutilmaganda yopilishi O'zbekistonda matbuotdagi uyg’onishga ishonayotgan muassislar, jurnalistlar hamon bosimdan xoli emasligi, nisbiy erkinliklar davridagi qoliplarni buzish xatarli qolayotgani haqidagi xavotirlarni oshirdi.
Facebook Forum