Qirgʻizistonda prezident apparati 14-aprelda koronavirusga qarshi respublika shtabi va hududlardagi komendaturalar ommaviy axborot vositalari bilan ishlash shaklini qayta koʻrib chiqish taklifini kiritdi.
Bunga qadar Qirgʻizistonning koʻplab hududlarida favqulodda holat eʼlon qilinib, turli ishxonalar bilan birga jurnalistlarning faoliyati ham cheklangan edi. Rasmiylar buni kasallik tarqalishining oldini olish maqsadi bilan izohlagan.
Media Policy Institute degan nohukumat tashkilot nazarida komendantning harakati konstitutsiya meʼyorlariga toʻgʻri kelmaydi.
“Qirgʻizistonning favqulodda holat va favqulodda vaziyat eʼlon qilingan hududlarida bir qator cheklovlar koʻrsatilgan. Ammo Favqulodda vaziyat boʻyicha konstitutsiyada koʻrsatilgan qonunni koʻrib chiqsak, unda OAV yoki jurnalistlarning faoliyatiga qandaydir taqiq yoki cheklovlar kiritishni koʻrmadik. Lekin shunga qaramay, hozirgi vaqtda nodavlat ommaviy axborot vositalariga oʻz faoliyatini erkin olib borish uchun komendatura tarafidan sharoit yaratilmayapti. Qonunda favqulodda holat vaqtida komendant jurnalistlar uchun maxsus akkreditatsiya yoʻriqlarini ishlab chiqishi lozimligi koʻrsatilgan. Biroq hozirgacha bunday maxsus qoidalar koʻrsatilmagan. Jurnalistlar, afsuski, oʻz faoliyatlarini erkin va yetarli darajada bajara olmayapti”, — deydi tashkilot yuristi Altinay Isayeva.
Jurnalistlar favqulodda vaziyatda erkin ishlay olishi zarur deb hisoblagan Qirgʻiziston media hamjamiyati OAV uchun favqulodda vaziyat vaqtida axborot olish huquqini cheklash toʻgʻrisidagi Bishkek komendantining qarori boʻyicha davlat prezidentiga, hukumatga hamda parlamentga murojaat yoʻllagan.
“Afsuski, komendant koʻplab ommaviy axborot vositalarini akkreditatsiyadan oʻtkazmadi. Faqatgina ikki davlat telekanaliga ruxsat berildi. Albatta, bu aholining maʼlumot olish huquqiga berilgan katta zarba boʻldi. OAV hozir oʻz vazifasini toʻliq bajarish imkoniga ega emas. Jurnalistlar voqea joyiga bora olmaydi, intervyu olish qiyinlashgan, tahririyatga borib video lavhalarni tayyorlay olmaydi. Uyda oʻtirib tayyorlangan lavhalar esa doim ham yetarli boʻlmaydi. Barcha axborotni birgina rasmiy manbadan, yaʼni brifinglar hamda rasmiy matbuot anjumanlaridan olish mumkin emas. Tabiiyki, bu yetarli emas. Chunki aholi hayotida yoki davlat iqtisodida nimalar yuz berayotganini tushunish uchun jurnalistlar mustaqil axborot olish imkoniga ega boʻlishi kerak. Shuning uchun ikkinchi bor media hamjamiyat va turli matbuot sahifalarida hukumatga jurnalistlarning faoliyatini cheklamaslik boʻyicha murojaat eʼlon qilingan. Biz ham buni qoʻllaymiz”, — deydi “Internews Kyrgyzstan” tashkilotining direktori Elina Karakulova.
Mutaxassislar jurnalistlarning faoliyati cheklanishi ortidan ijtimoiy tarmoqlarda yolgʻon va tasdiqlanmagan maʼlumotlarning koʻpayganini va buning oldini olish uchun rasmiy maʼlumotlarni koʻpaytirish zarurligini aytmoqda.
“Bugungi kunda hukm surayotgan favqulodda holat vaziyatida mustaqil ommaviy axborot vositalarining cheklanishi mamlakatdagi axborot xavfsizligiga shikast yetkazadi. Sababi har kuni davlat rasmiy idoralari berayotgan maʼlumotlar bir yoqlama boʻlib qolmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar, norasmiy maʼlumot manbalarida esa respublikaning turli burchaklarida davlat rasmiylari aytayotgandan bir necha bor koʻproq inson koronavirusga chalingani, ularga koʻrsatilayotgan yordamlar sust ekanligi haqidagi yolgʻon maʼlumotlar tarqatilyapti. Davlat xavfsizlik idoralari esa yolgʻon maʼlumot tarqatayotgan insonlarni qoʻlga olib, ularni javobgarlikka tortish bilan cheklanyapti. Ammo respublikadagi maʼlumot xavfsizligini taʼminlashga shoshilmayapti”, — deydi mustaqil jurnalist Shohruh Soipov.
Prezident Sooronbay Jeenbekov 14-aprelda qoʻl qoʻygan farmonga koʻra, mamlakatning bir qator yirik shaharlari hamda koronavirus aniqlangan tumanlarida favqulodda holat tartibi 2020-yilning 30-apreligacha uzaytirildi.
Bu hududlarda 25-martdan beri favqulodda holat rejimi joriy qilingan. Fuqarolarga 20:00 dan 07:00 gacha harakatlanish taqiqlanib, kunduzlari esa dorixona, oziq-ovqat doʻkoni va shifoxonaga borish uchungina uydan chiqishga ruxsat berilgan. Dastlabki qarorga koʻra, favqulodda holat rejimi 2020-yilning 15-apreligacha amal qilishi kerak edi.
Facebook Forum