Koronavirus tarqalayotgani sababli 25-martdan 15-aprelga qadar Qirgʻizistonning Bishkek, Oʻsh va Jalol-Obod shaharlarida hamda qator tumanlarida favqulodda holat rejimi joriy qilindi. Mazkur hududlarda 20:00 dan 7:00gacha komendantlik soati amal qiladi.
31-martdan boshlab esa militsiya xizmatini kuchaytirdi. Oʻsh shahrining ichki koʻchalariga ham blok-postlar o’rnatildi. Transport harakatiga cheklovlar qoʻyildi.
Hukumat rasmiylari aholini zarurat boʻlmagan hollarda koʻchaga chiqmaslikka chaqirmoqda. Oʻshlik jamoat faoli Muhammadamin Ismoilov koʻngilli ravishda shahar rahbariyatiga yordam berish maqsadida, aholiga uydan koʻchaga chiqmaslik kerakligini eslatib yuribdi.
“Qancha tushuntirish ishlari olib borilsa ham, koʻchaga bemaqsad chiqayotganlar yoʻq emas. Shuning uchun men xalqimizni sabrga, qoidalarga amal qilishga chaqirar edim. Biz koʻproq uyda boʻlib, koʻchaga chiqmasak, kasallikni tezroq yengamiz deb ishonaman”, — deydi u.
Ammo aholi orasida kunlik ehtiyoji uchun pul topishga majbur boʻlganlar ham oz emas. Ulardan biri Munduzboy bozorda aravakashlik qilib, oilasi uchun har kuni pul topishi kerakligini aytadi.
“Hukumat koʻchaga chiqma deb aytyapti. Lekin xalqning kunlik tirikchiligi ham bor. Boylar oziq-ovqatni keragicha bosib olgan. Kambagʻallar kunlik ehtiyoji uchun chiqib ishlayapti. Bunga hukumat qanday munosabatda boʻladi, uni biz bilmaymiz”, — deydi Munduzboy.
Hozirgi kunda Oʻsh shahrida jamoat transportlari ham faoliyat olib bormayapti. Oziq-ovqat sotuvchi doʻkonlar, dorixonalardan boshqa barcha savdo shoxobchalari yopilgan. Rasmiylar mamlakatda oziq-ovqat tanqisligi yuzaga kelmasligini, uch oyga yetuvchi dori-darmon mavjudligini bildirmoqda.
Ammo Oʻsh shahridagi oziq-ovqat doʻkonlarida mahsulotlar xilma-xilligi kamaygan va bugungi kunda narxlarning bir oz koʻtarilgani seziladi. Bunga Qirgʻizistonda dollar kursining oʻsgani ham sabab boʻlmoqda, deydi biz bilan suhbatda Oʻsh viloyat oʻzbek milliy markazining vakili Akbar Aliyev.
“Savdogarlarni ham tushunish kerak ekan. Ular ham ataylab qilmayapti. Lekin bir oz narxlarda oʻsish bor. Ammo zaxiralarimiz yetarli ekan. Sabr bilan, xudo xohlasa, yengib chiqamiz”, — deb qoʻshimcha qildi u.
Qirgʻiziston bosh vaziri Muxammedqaliy Abilgʻaziyev 31-martda koronavirusning aholi hayotiga va iqtisodga salbiy taʼsirini kamaytirish masalasi boʻyicha majlis oʻtkazdi. Yigʻin yakunida tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash masalasida chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Tasdiqlangan rejada tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 22-martdan keyin yuzaga kelgan soliq qarzdorligini kechiktirish, 1-iyulga qadar sanksiyalar qoʻllanilmasligi hamda soliq majburiyatlari oʻz vaqtida bajarilmasa, penyalar olinmasligi koʻzda tutilgan. Shuningdek, hukumat aholining ijtimoiy jihatdan yordamga muhtoj qatlamlariga yordam berishi haqida maʼlum qilindi.
26-mart kuni Osiyo Taraqqiyot bankining vakili Kendis MakDeygan bilan uchrashgan Qirgʻiziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov OTBdan favqulodda moliyaviy yordam soʻragan.
Shu bilan birga Xalqaro Valyuta jamgʻarmasi (XVJ) bergan xabarga koʻra, Boshqaruv kengashi Qirgʻiziston hukumatiga COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash uchun 120,9 million dollar ajratishni maʼqullagan.
Fargʻona va Andijon viloyat hokimlari Oʻshga yordam joʻnatgan. Mahalliy ommaviy axborot vositalari bergan maʼlumotga koʻra, 29-mart kuni Oʻzbekiston hukumati tarafidan berilgan 10 mingta tibbiyot maskasi, 900 ta himoya kiyimi, 4800 ta ekspress-testlar Oʻshga yetkazilgan.
Mahalliy tadbirkor va homiylar esa Qirgʻizistonda koronavirusni ommaviy turda tekshirish uchun maxsus laboratoriyani ishga tushirish arafasida ekani maʼlum qilindi. Maʼlumotga koʻra, loyiha koronavirus tarqalishining oldini olish boʻyicha respublika shtabi va sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda amalga oshiriladi.
1-aprel holatiga koʻra, Qirgʻizistonda koronavirus yuqtirgan bemorlar soni 111nafarga yetgan. Ular orasida yosh bolalar ham bor.
Facebook Forum