Qirg’izistonda koronavirus bilan bog’liq ahvol jiddiylashib borayotgani haqida Sogʻliqni saqlash vaziri Kosmosbek Cholponbayev 20-martda o’tkazgan matbuot anjumanida bildirdi.
Virusga chalinish bilan bogʻliq ilk holatlar 18-martga oʻtar kechasi Jalolobod viloyatining Suzoq tumanida aniqlangan. 20-martda esa Oʻsh viloyatining Novqat tumanida yana uch kishining virus yuqtirgani maʼlum boʻldi.
Cholponbayev bergan maʼlumotga koʻra, koronavirus yuqtirgani aniqlangan olti nafar qirgʻizistonlikning bari yaqinda Saudiya Arabistoniga umra safariga borib kelgan. U yerdan 12-mart kuni uchib kelgan samolyotda 144 kishi boʻlgan. Ularning uch nafarida koronavirus aniqlangan. Bundan tashqari ikki fuqaro Oʻzbekistonga chiqib ketgan. Cholponbayev Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekistonga bu boʻyicha maʼlumot joʻnatganini bildirdi.
Koronavirus aniqlangan hududlarda favqulodda holat eʼlon qilindi. Suzoqda karantinga olingan uch qishloqda 10 mingdan ortiq odam yashaydi. Hukumat bu hududda dezinfeksiyalash ishlarini olib bormoqda.
Jalolobod shahrida yashovchi Ulugʻbek Karimovdan u yashagan yerda aholining kayfiyati va shahardagi vaziyat haqida so’radik.
“Shahar koʻchalarida odam juda koʻp. Hamma oʻziga kerakli mahsulotlarni sotib olmoqda. Dorixonalarda tibbiyot niqoblari qolmagan. Ularni asosan mahalliy chevarlar, qirgʻiz puliga 25 somdan (taxminan 35 sent) tikib berishmoqda. Tungi klublar, jamoat oshxonalarining kechki vaqt ishlashi taqiqlandi. Umuman olganda, Jalolobod shahri va unga yaqin tumanlarda hayot barqaror davom etmoqda”, - deydi u.
Oʻsh shahar meriyasi 20-martdan boshlab shahardagi bir necha bozorlarning ishiga vaqtincha cheklov qo’ydi. Mahalliy hukumat aholi koʻp toʻplangan joylarning bari yopilishi haqida ogohlantirdi. Jamoat transporti karantin sababli qisqartirilgan.
Qirgʻiziston Prezidenti Sooronbay Jeyenbekov ommani tartibga qatʼiy rioya qilishga chaqirdi.
U oʻz murojaatida jumladan “shifokorlarimiz tegishli tayyorgarlikdan oʻtgan, bu kasallikdan qanday davolash kerak ekanini bilishadi”, deb aytgan. Shu bilan birga, prezident mamlakatda oziq-ovqat, dori-darmon zaxirasi yetarli ekanini qoʻshimcha qilib, xavfsirashga asos yoʻq, deydi.
Qirgʻizistonda 16-martdan boshlab maktablar va universitetlar uch haftalik karantinga yopilgan edi. Musulmonlar din boshqarmasi mamlakatdagi masjidlarda juma namozini oʻqish vaqtincha toʻxtatilganini xabar qilgan.
Masjidlarda, bozorlarda va jamoat transportlarida dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda.
Dorixonalarda tibbiy niqob yetishmagani bois Qirgʻizistonda ularni tikish yoʻlga qoʻyildi. Shunday boʻlsa-da, tibbiy niqob yetishmovchiligi hozirgacha saqlanib turibdi.
Bosh vazir Muxammedkaliy Abilgaziyev Qirgʻizistonda bir kunda 70 mingta niqob ishlab chiqarilayotganini aytdi. Uning soʻzlariga qaraganda, respublikada talab oshib borgani sabab uch kunda 3,5 million tibbiyot niqobi sotib olingan. Aholi oʻrtasida sarosimaga tushganlar ham yoʻq emas.
Bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlari, asosan, un sotib olayotganlar koʻp. Ijtimoiy tarmoqlarda Oʻsh shahrida un qimmat narxda sotilgani va odamlarning talashib xarid qilayotgani aks etgan turli videolar tarqalgan.
Hukumat vakillari oziq-ovqat mahsulotlarining qimmatlashishiga qarshi choralar ko’rilishini ma’lum qildi.
Facebook Forum