Tojikistonda jurnalist Daler Sharifov diniy adovat qoʻzgʻashda aybdor deb topildi va bir yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Jurnalistning oʻzi yozgan asarida kamchilikka yoʻl qoʻyganiga iqror boʻlgan, ammo Jinoyat kodeksining adovat qoʻzgʻash moddasida aybdor topilganidan rozi emas.
16-aprel kuni Dushanbe shahrining Shohmansur tuman sudi binosida jurnalist ustidan ochiq sud jarayoni boʻlishiga qaramay 30 nafardan ortiq jurnalist va huquq himoyachilari zalga kiritilmadi.
Faqat ayblanuvchining advokati va eng yaqin qarindoshlari qatnashdi. Advokat Abdurahmon Sharipovning aytishicha, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining koronavirus tarqalishini oldini olish maqsadida bergan tavsiyalari asosida sud zaliga koʻp odam kiritilmagan.
Sharipov jurnalist Daler Sharifovni sud zalidan ozod qilishni soʻradi. Prokuror esa, 2 yilu 4 oy qamoq jazosi soʻragan. Sudya holatni oʻrganib chiqib, jurnalistni aybdor deb topdi, ammo uchta yengillashtiruvchi holat, yaʼni ayblanuvchi iqror boʻlganligi, birinchi bor jinoyat sodir etganligi va voyaga yetmagan farzandlari borligini eʼtiborga olib, bir yil qamoq jazosiga hukm qildi.
Daler Sharifov shu yilning 28-yanvar kuni hibsga olingan va Bosh prokuratura tomonidan 2013-2019 yillar davomida 200 ta ekstremistik mazmundagi maqolalar yozib eʼlon qilganlikda hamda oʻz kitobida ekstremistik gʻoyalarni targʻib etganlikda ayblangan edi.
Advokatining aytishicha, sud jarayonida Sharifovning 200 ta maqolasi haqida gap boʻlmadi. Faqat “Muhammad (s.a.v.) va terrorizm” nomli 100 nusxada chop etilgan kitobida ekstremistik gʻoyalarni targʻib etganlikda ayblanib, Tojikiston Jinoyat kodeksining 189-moddasi (“Milliy, irqiy, mahalliy yo diniy adovat qoʻzgʻash“) ning 1-qismi bilan aybdor deb topildi.
Mazkur moddada 12 yilgacha qamoq jazosi koʻrsatilgan, uning birinchi qismida esa 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish tavsiya qilingan. Abdurahmon Sharipovning aytishicha, “Dalerning oʻzi diniy adovat qoʻzgʻash moddasiga rozi boʻlmagan, ammo oʻz kitobida xatoliklarga yoʻl qoʻyganligiga iqror boʻlgan“.
U oʻz kitobida Tojikistonda faoliyati taqiqlangan “Musulmon birodarlar“ (“Ixvon-ul muslimin“) tashkilotining gʻoyaviy yetakchilari soʻzlaridan iqtibos keltirishda ayblangan edi.
Ammo oʻtgan ikki yarim oy davomida koʻplab xalqaro tashkilotlar, Tojikiston mustaqil OAV milliy assotsiatsiyasi, Tojikiston xalq maslahatchilari assotsiatsiyasi, “Xoma“, “Fuqarolar ozodligi daftari“, “Huquq dunyosi“, “Inson huquqlari va qonun rioyasi“, “Inson huquqi boʻyicha mustaqil markaz“, “Perspektiva+“, “Huquq tashabbusi“ kabi mahalliy jamiyat tashkilotlari va oʻnlab jurnalistlar Daler Sharifovni ozod etilishini soʻrab rasmiy va ommaviy murojaatlar qilishgan edi. Shunga qaramay, jurnalist qamoq jazosiga hukm qilindi.
Taniqli huquqshunos Oynihol Bobonazarovaning aytishicha, sud jarayoni yopiq boʻlmasligiga qaramay, erkin emas edi.
“Modomiki ayblovlar tasdigʻini topmagan ekan, qanday qilib Daler Sharifovni qamoq jazosiga hukm qilish mumkin? Jarayonning oʻzi erkin emas edi, bizni ish koʻrilayotgan sud zaliga kiritishmadi. Meni bir necha lahzaga qoʻyishdi, Dalerga salom berishdan boshqasiga ulgurmadim. Bu albatta juda qaygʻuli“, - deydi Oynihol Bobonazarova.
Advokatining aytishicha, Daler Sharifov diniy adovat qoʻzgʻash aybidan rozi emasligiga qaramay, “kassatsion shikoyat qilmaslikka qaror qilgan“. Daler nima sababdan shunday qaror qilganligi bizga maʼlum emas. Ammo hamkasblarining fikricha, ayblanuvchi qayta shikoyat qilish foydasiz, degan xulosaga kelgan boʻlishi mumkin.
Jurnalist Irshod Sulaymoniyning “Amerika Ovozi“ bilan muloqotda aytishicha, Dalerga oʻqilgan hukm adolatsiz boʻldi.
“Balki tergov paytida shikoyat qilish foydasiz, degan xulosaga kelgandir. Ammo hukm adolatli boʻlmadi. Biz aqalli ozodlikdan mahrum etilmaydigan jazo beriladi, deb umid qilgan edik. Bu hukm shusiz ham bosim ostida boʻlgan Tojikistondagi soʻz erkinligi holatini battar kuchaytiradi. Daler tanqidiy materiallar yozadigan jurnalist edi va uning hibsga olinishi va ozodlikdan mahrum etilishi fuqarolik jamiyati va jurnalistlar orasida qoʻrquvni kuchaytirdi. Uning hibs etilishi jurnalistlarga berilgan signal. Shu sababli koʻplab jurnalistlar qoʻrquvga tushdilar va oʻzlarini senzura qila boshladilar yoki bahsli mavzularni koʻtarib chiqishdan bosh tortmoqdalar“, - deydi Sulaymoniy.
Siyosiy va ijtimoiy masalalar boʻyicha tahlilchi Abdumalik Qodirovning “Amerika Ovozi“ga aytishicha, jurnalist ustidan chiqarilgan hukm Tojikistonda sud hokimiyati mustaqil emasligini yana bir bor isbotladi.
“Bugun yuz bergan holat Tojikistonda sudning adolatsizligidan yana bir bor dalolat berdi. Bizning sudlarimizning mustaqil emasligidan dalolat bu. Sud ijroiya hokimiyatining chizigʻidan chiqmasligining isboti. Xavfsizlik xizmati jinoiy ish ochsa, u odam, albatta, hatto daʼvolar huquqiy va mantiqiy asosga ega emasligi 100 marta isbotlansa ham, baribir jazo olishining isboti. Bugun sud chiqargan qaror Tojikistonda soʻz erkinligiga urilgan yana bir zarba. Bu zarba maqsadli, boshqa jurnalist va blogerlarni qoʻrqitish uchun qilindi. Toki ular har bir materiallarini yozishdan avval oqibati nima boʻlishi mumkinligini oʻylab koʻrsinlar“, - deydi suhbatdosh.
Ilgariroq, Jurnalistlarni himoya qoʻmitasi, “Amnesty International”, “Human Rights Watch” inson huquqlari tashkiloti, Norvegiya Xelsinki qoʻmitasi, Chegara bilmas muxbirlar kabi xalqaro tashkilotlar Tojikiston hukumatiga jurnalist Daler Sharifovni ozod qilish toʻgʻrisida murojaatlar bilan chiqishga edi. Ammo mazkur xalqaro tashkilotlarning munosabat va talabnomalari eʼtiborsiz qoldirildi.
Tahlilchi Abdumalik Qodirovning fikriga koʻra, jurnalist ustidan chiqarilgan hukm amaldagi hukumat obroʻyiga foyda keltirmaydi,Tojikistonning xalqaro maydondagi imijiga zarar yetkazadi.
“Sudning bu qarori amaldagi hukumat tanqidchilari bu hukumatning adolatsiz ekanligini aytib, tanqid qilishlari uchun bir dastak boʻldi. Bu qaror inson huquqlari va soʻz erkinligi bilan shugʻullanadigan xalqaro tashkilotlar jahon reytinglarida Tojikiston oʻrnini yanada pasaytirishlari uchun ham bir dalil boʻldi“, - deydi tahlilchi.
Facebook Forum