Breaking News

Tojikiston terrorizmga qarshi kurashni kuchaytirmoqda


Tojikistonda terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurash kuchaymoqda. Yil boshidan buyon 100 dan ortiq kishi mamlakatda faoliyati taqiqlangan "Musulmon birodarlar" (“Al-Ixvan al-Muslimun”) guruhiga a'zolikda gumonlanib, qo‘lga olindi. Bu haqda Tojikiston Bosh prokurori Yusuf Rahmon 28-yanvar kuni Dushanbe shahrida matbuot anjumanida ma'lum qildi.

Tojikistonda terrorizm gumoni bilan yuzlab odam ushlangan
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:16 0:00

"Tashkilotning ehtimoliy a'zolari bo‘lmish 113 kishi ushlandi, ular orasida 20 nafardan ortiq oliy o‘quv yurtlarining o‘qituvchisi hamda Isfara shahar ijroiya organining bir xodimi ham bor. Jinoyatga qo‘l urganlar orasida ikki nafar xorijiy fuqarolar ham bor va ularni qo‘lga olish uchun kerakli choralar ko‘rilmoqda", - deya bayon qildi bosh prokuror.

Qo‘lga olinganlarning maqsadi Tojikistonda davlat hokimiyatini to‘ntarish bo‘lgan, deya qo’shadi Yusuf Rahmon.

Tojikiston Bosh prokurori Yusuf Rahmon
Tojikiston Bosh prokurori Yusuf Rahmon

Ayni kunlarda Tojikistonda a'zolari qo‘lga olinishi jamiyatda ovozalarning ko‘payishiga sabab bo‘layotgan "Musulmon Birodarlar" diniy-siyosiy tashkiloti 1928-yilda Misrda tashkil etilgan. Tojikistonda tashkilot faoliyati 2006-yilda Oliy sud tomonidan taqiqlangan. 2016-yilda Shimoliy Tojikistonda bir necha ruhoniylar shu tashkilotga a'zoligi ortidan qo‘lga olinib, qamoqqa hukm qilingandi.

Kuzatuvchilar fikriga ko‘ra, mamlakatda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashning kuchayishi davlat rahbarining joriy yilgi parlamentga murojaatidan keyin sezila boshladi.

Prezident Emomali Rahmon 2019-yilning 26-dekabr kuni qilgan murojaatida terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashga alohida to‘xtalib o‘tgan edi.

"Terrorchi tashkilotlar zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish va diniy manbalarni g‘arazli sharhlash yo‘li bilan tajribasiz hamda xabarsiz yoshlar mafkurasiga ekstremistik g‘oyalarni joylab, ularni qotilligu odam o‘ldirish, turli mamlakatlarda xavfsizlik, tinchlik va barqarorlikka raxna solishga targ‘ib etishmoqda. Huquqni muhofaza qilish organlarining muvofiqlashtirilgan va samarali faoliyati, ularning bu yo‘nalishdagi faoliyatini tartibga soluvchi huquqiy asoslarni mustahkamlash terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishda muvaffaqiyatga erishishning muhim sharti sanaladi", - deya ta'kidlagan edi Rahmon.

Huquqshunos, birinchi darajali adliya maslahatchisi, iste'fodagi polkovnik Abdusami Abdurahimovning aytishicha, mamlakat prezidenti tegishli davlat organlari oldiga jinoyatchilikka, xususan, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashni kuchaytirish talabini qo‘ydi.

Iste'fodagi polkovnik Abdusami Abdurahimov
Iste'fodagi polkovnik Abdusami Abdurahimov

"Jinoyatga qarshi kurashish uchun jamiyatimizni qora dog‘lardan poklash, taraqqiyotga to‘siq bo‘layotgan jamiki xatti-harakatlarni bartaraf etish uchun keskin kurashni yanada kuchaytirish talabini qo‘ydi. Tojikiston Jinoyat kodeksida terrorizmga qarshi juda qattiq jazo tayinlangan. Chunki terrorizmning o‘zi dahshatli, og‘ir jinoyat. Yo‘ldan adashganlar insoniyatga qarshi turli jinoyatlarni qilib bormoqda. Natijada begunoh odamlar bekordan-bekorga o‘lib ketmoqda. Bu hammasi omilikdan. O‘sha shaxslarning tushunmasligi, omiligi, yaxshi tarbiya olmaganligidan, ota-onalar bolalarini o‘z holiga tashlab qo‘yishi natijasida yoshlar xato yo‘llarga kirib, nafaqat odamlar, o‘zlarini ham qurbon qilmoqda. Terroristik, ekstremistik tashkilotlar dinni niqob qilib olgan holda nopok niyatlarini amalga oshirmoqda. Ularning tepasida qora guruhlar turibdi. Ular yoshlarni yo‘ldan urib, natijada mana shunday vaziyatni vujudga kelishiga sabab bo‘lmoqda", - deydi Abdurahimov.

Siyosiy tahlilchi va jamiyat faoli, Sug‘d viloyati "O‘zbeklar ma'naviyat va ma'rifat markazi" raisi Ilhom Yusupov terrorizm va ekstremizm bilan kurashishga faqat ichki ishlar va boshqa davlat organlarini emas, keng jamoatchilikni jalb qilish kerak, deb hisbolaydi.

"O‘zbeklar ma'naviyat va ma'rifat markazi" raisi Ilhom Yusupov
"O‘zbeklar ma'naviyat va ma'rifat markazi" raisi Ilhom Yusupov

"Ekstremizm, terrorizm bilan kurashishda faqatgina ichki ishlar tizimi, hukumat tizimi bilan emas, xalqning ichidagi imkoniyatlardan ham foydalanib ishlash kerak. Keng jamoatchilik bilan ishlash kerak. Jamoatchilik tashkilotlari, ilg‘or shaxslar, vatanparvarlarni ham jalb etish kerak. Kamchiligimiz shundaki, hukumatdorlarimiz, siyosatchilarimiz ana shunday vatanparvarlarni, xalq, jamiyat tinchligini, kelajagini o‘ylaydigan fidoiy insonlarni jalb etib, ularning ham imkoniyatlaridan foydalanish kerakligini orqaga tashlayapti. Agar tinchligimiz, birligimiz uchun qayg‘uradigan ana shu insonlar ham jalb qilinsa, shundagina yaxshi natijalarga erishish mumkin", - deydi Yusupov.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG