Tojikiston armiyasining sobiq zobiti, "Islomiy davlat" terror guruhining yangi jangarilarni yollash uchun bosh mas'uli Gulmurod Xalimov dunyodagi eng xavfli terrorchilar ro'yxatiga kiritildi. AQSh hukumati uni qo'lga tushirishda yordam bergan odamga uch million dollar mukofot va'da qilmoqda.
41 yoshli Xalimov Tojikiston maxsus qo'shinlarining sobiq polkovnigi, shuningdek, AQSh va Rossiyada mashqlarda qatnashgan, hozir "Islomiy davlat"ning harbiy operatsiyalarini boshqaradi. G'arb razvedka ma'lumotlariga ko'ra, o'tgan hafta to'da rahbarlaridan biri Abu Muhammad al-Adnaniy havo hujumlarida o'ldirilganidan keyin Xalimov "Islomiy davlat"da ikkinchi o'ringa ko'tarildi va bevosita Abu Bakr al-Bag'dodiyga bo'ysunadi.
"Bundan "Islomiy davlat" saflarida dunyoning istalgan mamlakatidan kelgan odam katta martabaga erishishi mumkin, degan xulosa chiqarish mumkin, zotan to'da rahbariyati aynan shunday xulosa chiqarilishini istaydi", - deydi AQSh Kongressi a'zolariga aksil-terrorizm bo'yicha maslahat beradigan Maykl Smit.
Suriyada joylashgani aytilayotgan Xalimov radikal qarashlarga ega.
"Bir video murojaatida u Tojikiston rasmiylarini diniy erkinlikni cheklanganlikda, xususan, musulmon erkaklarni soqolni qirishga, ayollarni esa hijobni yechishga majburlaganlikda ayblaydi", - deydi Dushanbeda joylashgan tahlilchi Asfandiyor Adina.
E'tibor Markaziy Osiyodami?
Ekspertlar fikricha, tojik qo'mondonining yuqori martabasi natijasida "Islomiy davlat" o'z faoliyatini Suriya va Iroqdan boshqa mamlakatlarga kengaytirishi mumkin.
"Uning malakasi va tajribasini oladigan bo'lsak, Markaziy Osiyo terrorchilarning diqqat markaziga aylanishi mumkin", - deydi Texasning Xyuston shahridagi Rays universitetidan Etan Vilenski-Lanford.
Markaziy Osiyodan "Islomiy davlat" saflariga qo'shilib, Iroq va Suriyada jang qilayotgan erkaklar kam emas. Rossiya bu xavfdan anchadan beri ogohlantirib keladi va Markaziy Osiyoda terrorchilarning faollashishini Rossiya xavfsizligi uchun jiddiy tahdid deb ko'radi.
"Uning to'da saflarida ko'tarilishi strategik nuqtai nazardan katta ahamiyatga ega, chunki natijada "Islomiy davlat"ga mintaqadan borib qo'shilayotganlar ko'payishi mumkin", - deydi Smit Xalimov haqida.
Tojik qo'mondoni "kiril jihodchilar" nomini olgan va sobiq sovet respublikalaridan borib terrorchilar saflariga qo'shilgan rusiyzabon jangarilarni tashkil qilgani aytiladi.
"Bu jangarilar boshqalardan keskin farq qiladi. Ular harbiy mashqlardan o'tgan va bu borada arab va afrikalik safdoshlaridan ustun", - deydi Suriyadan Turkiyaga qochib o'tgan faol Salim al-Hammud.
Uning aytishicha, "Islomiy davlat" rahbarlari markaziy osiyoliklarni katta lavozimlarga tayinlagan, "chunki ular shafqatsiz, mahalliy aholini ayab o'tirmaydi". Ular boshqa jihodchilar bilan bordi-keldi qilmaydi, "nihoyatda kuchli, chidamli va ishonchli", - deydi Hammud.
Tahlilchilar fikricha, Xalimov Suriyada yangi jangarilarni jalb etish bilan mashg'ul.
Terrorchi kundaligi
Iyunda "Islomiy davlat"ning turkiyalik jangchisi Rashid Tugral o'ldirilganini ekstremist to'daning o'zi ma'lum qilgan edi. U tutgan kundalikda "Islomiy davlat" saflariga qo'shilishdan oldin Raqqada Xalimov yigit bilan suhbat o'tkazgani haqida xotiralar yozilgan. "Aksar jihodchilar Markaziy Osiyodan edi, shu bois Xalimov savollarini rus yoki tojik tilida berdi", - deb yozgan Tugral.
Tojikiston hukumatiga qarashli maxsus kuchlarda katta tajriba orttirgan Xalimov 2015-yil aprel oxirida Tojikistondan g'oyib bo'ldi va bir oy o'tib "Islomiy davlat"ning Rossiya va AQShga qarshi qaratilgan videosida tanqid so'zlari bilan gavdalandi. Amerika va G'arbdan norozilikka esa, uning aytishicha, Davlat departamentining Aksil-terrorizmda yordam dasturi doirasida AQSh va Tojikistonda tashkil qilingan beshta aksil-terror mashqlardagi ishtirok asos bo'lgan.
"Amerikalik cho'chqalar, menga quloq sol, - deydi Xalimov videoda rus tilida, - Men AQShda uch marta bo'lganman. Islomni yo'q qilish uchun askarlaringizni musulmonlarni o'rab olib, ularga hujum qilish va o'ldirishni o'rgatganingizni o'z ko'zim bilan ko'rganman".
AQSh Xalimovni Tojikiston hukumati tavsiyasi bilan 2003 va 2014-yillardagi mashqlarda qatnashish uchun taklif qilgan. Xalimovni shaxsan tanigan tojikistonlik bir harbiy "u nihoyatda idrokli, huquq sohasida yaxshi ta'lim olgan" deya ta'riflar ekan, Xalimov Amerikadan vataniga qaytganidan keyin Tojikiston va AQSh hukumatlarini tanqid qila boshlaganini aytdi.
Uning terrorchiga aylangani tojik rasmiylarini avval hayratga soldi. "Biz uni kuzatib borganmiz. Hech kim bunday oilali, katta martabaga ega odamning o'z ishini, oilasini tashlab, xorijga ketishini va musulmon terrorchilarga qo'shilishini kutmagan edi", - dedi Tojikiston Ichki ishlar vazirligidan general-leytenant Ramazon Rahimzoda.
Xalimov xorijda jang qilayotgani ma'lum bo'lgach, Tojikistonda unga qarshi jinoiy ish qo'zg'atildi, u vatanga xiyonat va xorijda harbiy operatsiyalarda qatnashishda ayblanmoqda.
"Reyter" axborot agentligiga ko'ra, Tojikistondagi harbiylar Xalimov nomidan sms-lar olgan. Qo'mondon sms-larda Tojikiston mustaqilligining 25-yilligi bilan "tabriklash"ni va'da qilgan.