Pentagon "Islomiy davlat" jangari to'dasining internetdagi faoliyatiga qarshi yangi kiber-bo'linma tuzdi. "JTF-Ares" nomli guruh may oyida shakllana boshlagan va AQSh Qurolli kuchlari Kibernetika qo'mondonligining ma'lum qilishicha, dastlabki vazifalarni amalga oshirishga kirishgan.
Qo'shma Shtatlar nafaqat jang maydonida, balki kiber-bo'shliqda ham jangarilarni nishonga olmoqda. Ayrim mutaxassislarga ko'ra, bu borada so'nggi bir necha oyda ancha yutuqlarga erishilgan.
“Bu yutuqlar "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda burilish yasayapti deya olmayman, ammo harbiy ustunlik berayotgani ko'zga tashlanmoqda", - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazi xodimi Jeyms Lyuis.
Mudofaa vaziri Eshton Karterning yaqinda bo'lib o'tgan brifingda aytishicha, "Islomiy davlat"ga qarshi kiber-urush kuchaymoqda.
"Guruhni ham jismoniy, ham virtual tarafdan siqib qo'ymoqchimiz", - dedi u.
Pentagon tuzgan yangi bo'linma ishiga Qurolli kuchlarning turli qismlaridan razvedka va operativ mutaxassislar hissa qo'shishi, bu boradagi harakatlarni birlashtirish ko'zda tutilgan.
Guruhning aynan qanday ishlashi sir tutilmoqda.
Karterga ko'ra, kiber-xurujlar yordamida Qo'shma Shtatlar Daishning qo'mondonlik va boshqaruv tizimini ishdan chiqarmoqchi, kompyuter tarmog'iga tushadigan og'irlikni oshirmoqchi.
Lyuisning aytishicha, ayrim amaliyotlar yordamida jangarilar ta'minot tizimiga zarba berilgan, yolg'on ko'rsatma berib, ularni yanglish tarafga yo'llashga muvaffaq bo'lingan. Bundan esa jang maydonidagi harbiylar unumli foydalanmoqda.
"Islomiy davlat"ga qarshi Iroq va Suriyada jang qilayotgan AQSh yetakchiligidagi koalitsiya kuchlari matbuot kotibi polkovnik Kris Garverning aytishicha, dushman aloqa tarmog'iga berilgan zarba natijasida jangarilar axborot tarqatish va ma'lumot yetkazishning boshqa vositalarini qo'llashga majbur bo'lgan.
Guruh rahbarlari jangarilar bilan uyali aloqa, ratsiya, internetdagi turli applikatsiyalar va elektron pochta orqali aloqa qiladi. Havodan jangarilarni nishonga olayotgan koalitsiya kuchlari ularning aloqa vositalariga jiddiy zarba berishga harakat qilmoqda. Biroq ayrim hollarda nishon aniqlanganidan so'ng zarbaga darhol uchrayotgani yo'q.
“Jangarilar uzatayotgan ma'lumotlarni tinglayapmiz, ularni kuzatyapmiz, zarba berishdan oldin ancha axborot to'plab olmoqchimiz. Masalan, biror jihodchi veb-sahifaga ko'zimiz tushsa, uni darrov ishdan chiqarmaymiz. Jangarilar bexabar sistemaga kirib olamiz", - deydi Garver.
Unga ko'ra, to'planayotgan axborotning qanchalik qimmatli ekaniga baho berilib, so'ng tizimga yoki jangarilar joylashgan joyga zarba berish bo'yicha qaror qabul qilinadi. Ba'zida ma'lumotlarni to'plashda davom etish tizimni ishdan chiqarishdan muhimroqdir, deydi polkovnik.