Breaking News

Oq uy: "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda salmoqli yutuqlar bor


"Islomiy davlat" o'z poytaxti deb e'lon qilgan Raqqa shahri, 2014-yil
"Islomiy davlat" o'z poytaxti deb e'lon qilgan Raqqa shahri, 2014-yil

"Islomiy davlat" ekstremistlar guruhi Iroq va Suriyada xalifalik deb ta'riflaydigan tizim sekin-asta barbod bo'layapti. AQSh prezidentining maxsus vakili Brett Makgurk Oq uyda jurnalistlarga bu haqda hisobot berdi.

"Jangarilar bugungacha Iroqda bosib olgan hududlarning taxminan 50 foizini boy berdi. Turkiyaga olib boradigan yo'llar ham yopiq", - deya bayon qildi Makgurk.

2014-yilning avgustidan buyon AQSh qatorida chamasi 50 davlat "Islomiy davlat" manzillarini bombardimon qilib keladi. Shu bilan birga, Iroq va Suriyadagi mahalliy jangchilarga qurol-aslaha yetkazilgan va treninglar tashkil etilgan.

Suriyaning ekstremistlar nazoratida qolayotgan yirik shahri bu - Raqqa, Iroqda esa Musul va Falluja.

Oq uy rasmiysi "Islomiy davlat"ning Musuldagi g'aznasi bombardimon qilinib, millionlab dollar pul ko'kka sovurilganini qayd etdi. Bu operatsiya qachon o'tkazilgani ma'lum emas, ammo uning ortidan jangchilarga to'lanadigan maosh yarmiga kamaygan.

"Islomiy davlat" a'zolari hozir tushkun bir holatda. Yaqinda Musul shahri markazida ular o'z jangchilarini omma oldida qatl etdi, guruh safidan qochayotganlar soni ko'paygan, deydi Brett Makgurk.

"Islomiy davlat" rahbari Abu Bakr al-Bag'dodiy o'lgan deyishga asos yo'q, lekin u oxirgi marta o'tgan yili ommaga ko'rinish bergan edi.

Ular e'lon qilgan xalifalikning yetakchisi sifatida Bag'dodiy Ramazon oyi boshlanishi bilan o'z tarafdorlariga murojaat qilishini kutgan edik, deydi Oq uy rasmiysi.

9-iyun kuni "Islomiy davlat"ning Suriya chegarasidagi istehkomlaridan biri havodan bombardimon qilingan. Iroqdagi manbalarga ko'ra, Bag'dodiy va uning o'rinbosarlari hujumda yaralangan. Biroq xabar tasdiqlanganicha yo'q.

"Islomiy davlat" chekinayotgani haqidagi bayonotlar AQSh Kongressida shubha bilan qarshi olinmoqda. Vakillar Palatasining Ichki xavfsizlik qo'mitasi raisi Maykl Makkol fikricha, Obama ma'muriyati yutuqlarni bo'rttirib ko'rsatmoqda.

Yaqin Sharq safaridan qaytgan qonunchi deydiki, guruh Suriya va Iroqdan tashqari Jazoir va Pokistonning ayrim hududlarida mahkam joylashib olmoqda. Boshqaruv qayerda zaif bo'lsa, ekstremistlar o'sha yerga boradi, deydi Makkol.

Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatlashgan Brett Makgurkning aytishicha, "Islomiy davlat" o'z poytaxti deb biladigan Raqqa shahri kelasi haftalar va oylar ichida har tarafdan siquvga olinadi. AQSh Suriyada maxsus kuchlar sonini ham oshirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG