Amerika qo'llab-quvvatlovini olgan kuchlar Turkiya bilan chegara yaqinida to'qqiz qishloqni "Islomiy davlat" to'dasidan tortib oldi.
Manbij shahri AQSh havo kuchlari tomonidan bombardimon qilingan. Amaliyotda 15 nafar oddiy fuqaro, jumladan, uch bola ham nobud bo'lgan.
Suriya demokratik kuchlari deya tanilgan bu qo'shinlarga kurd jangchilari boshchilik qilmoqda. Ularga amerikalik 200 nafar harbiy madad berayapti. Ular Furot daryosi bo'yida jangarilar manzillariga kirib borar ekan, sunniy arab isyonchilar va turklar xavotirda. Turkiya nazarida kurd jangchilari chegaradagi hududlarni o'zlashtirib, davlat barpo etmoqchi.
Biroq Qo'shma Shtatlar bu manzillarda harbiy amaliyotlar o'tkazish zaruratini bot-bot eslatadi. Ajnabiy jangarilar aynan shu hududdan kirib kelmoqda.
Suriya demokratik kuchlari o'tgan oy shimoldagi Raqqa shahrida o'nlab qishloqlarni tortib olgan edi. Raqqa "Islomiy davlat" to'dasining poytaxti hisoblanadi.
Bu orada, chorshanba kuni insonparvarlik karvoni Suriyaning isyonchilar qo'lidagi Daraya shahriga kirib bordi. 2012-yildan beri shaharga kelgan birinchi gumanitar yordam bu.
Rossiyaning bildirishicha, shaharda 48 soatlik sulh amal qilmoqda, toki yordam manzilga yetib borsin.