Suriyadagi kurd jangchilari shimoldagi Raqqa shahrini "Islomiy davlat" changalidan xalos etishga kirishdi. Shahar jangarilarning poytaxti deya ko'riladi.
Amerika qo'llab-quvvatlovini olgan jangchilar bu haqda bugun, seshanba kuni e'lon qildi.
AQSh boshliq koalitsiya bizga yordam bermoqda, deydi kurd qo'mondoni Roja Felat. Hududga tanklar va boshqa og'ir qurollar safarbar etilgan.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkiloti anjumani doirasida so'zlar ekan, Moskva Raqqani ozod qilishda koalitsiyaga yordam berishga tayyor, dedi.
Biroq Amerika polkovnigi Stiv Vorren Rossiya bu amaliyotga jalb qilinishi haqida lom-mim demadi.
Qo'shma Shtatlar Suriyadagi kurd jangchilarini qo'llab keladi. Bu jangchilar soni 25 ming atrofida. Orasida arablar ham bor va ular chamasi 6 ming kishi.
AQSh rasmiylari harbiy amaliyot tezda natija berishini kutmang, deya ogohlantiradi.
Hisoblarga ko'ra, Raqqada hozir 185 ming oddiy fuqaro qolgan. Avval shaharda 400 ming odam istiqomat qilgan.