Breaking News

Obama: "Islomiy davlat" chekinmoqda


Prezident Obama Markaziy razvedka boshqarmasidagi majlisdan so'ng. Lengli, Virjiniya, 13-aprel, 2016-yil.
Prezident Obama Markaziy razvedka boshqarmasidagi majlisdan so'ng. Lengli, Virjiniya, 13-aprel, 2016-yil.

Chorshanba kuni Markaziy razvedka boshqarmasida xavfsizlikka mas'ul rasmiylar bilan majlis qilgan Prezident Barak Obamaning aytishicha, xalqaro koalitsiya bosimi ostida "Islomiy davlat" chekinmoqda.

“Bugun Suriya va Iroqda "Islomiy davlat" mudofaaga o'tgan. 66 mamlakatdan iborat koaltsiyamiz esa hujumda. Arab hamkorlarimiz ham koalitsiya tarkibida”, - dedi Obama.

Majlisda AQSh razvedka xizmatlari rahbarlari hamda yuqori lavozimli harbiylar qatnashgan. Koalitsiya bir yarim yilda Daishga 11 500 dan ziyod marta havodan zarba bergan. Terrorchi guruh ko'plab yetakchilari, minglab jangarilaridan ayrildi.

“Islomiy davlat" negiziga Suriya va Iroqda jiddiy zarba berdik. Ularning saflari siyraklashib, so'nggi ikki yilda eng quyi nuqtaga tushgan. Tobora ko'p jangarilar maqsadiga ortiq erisholmasligini anglab yetyapti", - dedi Obama.

Obama "Islomiy davlat"ning kimyoviy qurol dasturi rahbari Abu Dovudning ushlanganini, guruhning Iroqdagi bosh moliyachisi Abu Salohning o'ldirilganini katta yutuq deb, tilga oldi.

“Kelasi kunlar va oylarda "IShID" rahbariyatiga qattiqroq zarba beramiz, toki har uyg'onganda hayotining so'nggi kunini yashayotganini bilishsin", - dedi u.

Obamaning aytishicha, koalitsiya yordamida Iroq kuchlari Ramadida g'alabaga erishdi, jangarilardan bir necha qishloqni tortib oldi; Suriyada esa ularni al-Shadadidan siqib chiqarib, Raqqa va Musul o'rtasidagi muhim ta'minot yo'llaridan ayirdi.

"Islomiy davlat"ning boshqaruv, moliya va aloqa tizimlari, neft qudug'lari, neftni qayta ishlash korxonalarini ham ishdan chiqardik", - deydi Obama.

Guruhni yengish uchun, Amerika rahbari nazarida Suriyada fuqarolar urushiga barham berish zarur. Jenevada tinchlik muzokaralarining navbatdagi davrasi boshlandi, hukumat va isyonchilar sulhga amal qilmoqda.

“Sulh ko'plab odamlar hayotini saqlab qolishga yordam berdi, biroq bitim buzilmoqda, al-Qoidaga aloqador "Jabhat al-Nusra" hujumlarini davom ettirmoqda", - dedi Obama.

Kelasi hafta AQSh rahbari Saudiya Arabistonida bo'lib, Fors ko'rfazi hamkorlik kengashiga a'zo arab mamlakatlari rahbarlari bilan muloqot qiladi. So'ng Britaniya va Germaniyaga yo'l oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG