AQShdagi RAND Korporatsiyasi deb nomlangan tahlil markazidan siyosatshunos Kolin Klark nazarida, "Islomiy davlat" (Daish) jangari to'dasiga qarshi kurash samarali kechmoqda, so'nggi bir necha oyda bu borada yutuqlar bor, ammo u yengildi, deb o'ylamaslik kerak.
"Guruhning moliyaviy tarmog'iga jiddiy zarba berildi, katta hududlar undan tortib olindi, yetakchilariga qarshi amaliyotlar ish beryapti, ammo unutmangki, biz har bir sharoitga moslashuvchan, irodali dushman bilan olishayapmiz, shunga katta gapirishdan hozircha o'zimni tiyib turaman", - deydi Kolin Klark.
Unga ko'ra, sabr qilish kerak. Iroqda jangarilar nazoratida qolayotgan Mosulni qaytarish lozim, Iroq xavfsizlik kuchlari hujumga puxta tayyorgarlik ko'rishi kerak, ammo Suriyaning Raqqa shahri uchun janglar ancha qiyinroq kechadi, deydi tahlilchi.
Raqqa "Islomiy davlat" e'lon qilgan xalifalik poytaxti bo'lib, Kolin Klarkning aytishicha, shahardagi uylar bir-biriga o'ta yaqin joylashgan, demak, olishuv murosasiz va qonli bo'ladi, operatsiyani puxta rejalash lozim.
"Agar "Islomiy davlat" Mosul va Raqqada tor-mor etilsa, yashirincha faoliyatga o'tishi yoki boshqa joyga ko'chishi mumkin, masalan, Liviyaga. Shuningdek, tarafdorlari ruhini ko'tarish hamda yengilmaganini ko'rsatish uchun Yaqin Sharq yoki Yevropada Parij va Bryusseldagi kabi xurujlar uyushtirishi mumkin. Chunki hududlarni boy bergan sari xorijda odam yollash sur'ati ham oyiga 2000 dan 200 taga tushgan, o'n millionlab dollar yo'qotmoqda", - deydi amerikalik siyosatshunos.
Unga ko'ra, G'arb "Islomiy davlat" ustidan tez g'alaba qozonishni istaydi, ammo bunday bo'lmasligi mumkin va uzoq muddatli kurashga tayyor turish lozim. Chunki jangarilar nafaqat an'anaviy jang maydonida, balki kiber-bo'shliqda ham qattiq kurash olib bormoqda.
"Hozirgi zamon haqiqati shu. Nafaqat jinoiy to'dalar, balki davlatlar ham bundan faol foydalanyapti. Eron va Rossiya bunga misol. Daish, Hizbulloh, al-Qoida kabilar shu yo'l bilan odam yollamoqda. "Islomiy davlat"ga qarshi kurash murakkab va chigal jarayondir, chunki so'nggi yillarda bir tomonda turib harakat qilishi kerak bo'lgan davlatlarning turli manfaatlarni ko'zlashiga guvoh bo'ldik. Masalan, Amerika uchun ustuvor bo'lgan masala Turkiya uchun bunday bo'lmasligi mumkin. Eron, Saudiya Arabistoni, Qatarning ham Suriyadagi manfaatlari farq qiladi. Vaziyat juda chigal", - deydi tahlilchi.