Afg'oniston razvedkasi Tolibon harakatining yetakchisi Mulla Axtar Mansurning AQSh havo hujumida o'lganini tasdiqlamoqda. Voqea Pokistonning Afg'oniston bilan chegaradosh Balujiston viloyatida ro'y bergan.
Razvedka bayonotiga ko'ra, Mulla Axtar Mansur shanba kuni soat 15:45 da Dalbandinda o'ldirildi.
AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Mansur AQShning Afg'onistondagi harbiylari, Afg'oniston fuqarolari va xavfsizlik kuchlariga tahdid bo'lgani uchun hamda tinchlik muzokaralariga qarshi chiqqani uchun yo'q qilingan.
Xabarlarga ko'ra, Mulla Mansur ketayotgan mashina raketa hujumiga uchragan. Ammo Pokiston matbuoti hujumda taksi haydovchisi va bir yo'lovchi o'lganini xabar qilmoqda.
Tolibon bu xabarni tasdiqlagani yo'q hali. Pokiston hukumati ham bu borada izoh bermagan. Assoshieytid Press axborot agentligi Mansur o'lganini Tolibon qo'mondonlaridan biri ma'lum qilganini bildirmoqda.
Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani idorasi chiqargan bayonotda aytilishicha, Mulla Mansurga qarshi amaliyot tafsilotlari o'rganilmoqda va tez orada jamoatchilikka xabar qilinadi.
"Tolibon rahbari qoradori savdosi, terrorizm, aholini vahimaga solish, aldash va o'ldirish bilan shug'ullangan", deyiladi bayonotda.
AQSh rasmiylaridan birining aytishicha, havo hujumini amalga oshirishni Prezident Barak Obama shaxsan buyurgan.
Oldin ham Pokistonda jangarilarni pilotsiz samolyotlar vositasida havodan nishgonga olgan Qo'shma Shtatlar shu kungacha Balujistonda amaliyot o'tkazmagan. Bu - birinchisi.
Mulla Axtar Mansur rahbarlikka 2015-yil iyulida kelgan edi. O'shanda Tolibon asoschisi va birinchi rahbari Mulla Muhammad Umarning bundan ikki yil oldin o'lgani, ammo shuncha payt uning o'limi sir saqlangani ayon bo'ldi. Harakat ichida hokimiyat uchun kurash boshlandi, Mansurning bu kurashda qo'li baland keldi.
Qo'shma Shtatlar Afg'onistonda harakatlanayotgan al-Qoida yoki "Islomiy davlat"dan farqli o'laroq, Tolibonni terrorchi tashkilot deb belgilamagan.
So'nggi paytlarda Afg'oniston hukumati guruh bilan tinchlik muzokaralarini o'tkazishga harakat qilib keladi, ammo Mulla Mansur xorijiy kuchlar mamlakatni tark etmaguncha muzokara stoliga o'tirmaslini aytgan.