Afg’oniston poytaxti Kobulda yuz bergan qonli xurujlar ortidan Prezident Ashraf G’ani isyonchi guruhlar yo’q qilinadi deya bong urmoqda. Do’st kim, dushman kim?
Mamlakat bo’ylab yangi harbiy amaliyotlar boshlandi. Tolibonga ulkan zarar yetkazildi, degan rasmiy xabarlardan omma mamnun.
Xalq qonini to’kayotganlar o’zini tolib deb ko’krak kermasin, deydi Prezident Ga’ni Kobulda qonunchilar oldida so’zlar ekan.
“Daish, Al-Qoida, Haqqoniylar guruhi hamda Tolibonning bir qismi - Afg’oniston xalqining dushmanlari. Xorijiy hech bir guruh bilan muzokara qilinmaydi, lekin sulhni xohlayotgan va urushga chek qo’yish niyatida bo’lgan toliblar uchun muzokara eshigi ochiq. Lekin bu ham doimiy emas, vaqtinchalik. Muzokarani rad etganlar tezlikda urush maydonida mag’lub bo’lib, murosa qilaylik deya yalinishi aniq”, - deydi davlat rahbari.
Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, yuzlab toliblar o’lgan, yaralangan yoki asir olingan.
Shimoliy viloyatlar, jumladan Taxor, Badaxshon, Juzijon, Saripul va Faryobda harbiy amaliyotlar davom etmoqda.
Juzijon politsiyasi boshlig’i yordamchisi Hafizullo Xosiyning aytishicha, harbiylar davlat rahbarining buyrug’ini kutib turgan edi.
“Juzijonda qariyb 50 tolib halok bo’ldi. 30 nafari yaralangan. 27 nafar tolib qurol-aslahasi bilan taslim bo’ldi. Hozir vaziyat yaxshi. Hamma yoq tinch. Muxolif guruhlar butkul yo’q qilinmaguncha amaliyotlarimiz davom etadi”, - deydi Xosiy.
Juzijonda Daish ham faoliyat yuritmoqda. Lekin hech kimga buzg’unchilik uchun ruxsat berilmayd, deydi rasmiylar. Amaliyotlar natijasida Tolibon nazoratidagi qishloqlar ozod etilgan.
“Aqcha, Mingajik, Murdiyon, Xonqoh, Qarqin, Xamob tumanlari tolibondan tozalandi”,- deydi Xosiy, Juzijon politsiyasi rasmiysi.
Xavfsizlikni ta’minlashda aholi yordami muhim. Harbiylar jamoatchilik madadiga tayanmoqda. Faryob viloyatida 300 dan ortiq isyonchi halok bo’lgan, deya bildiradi armiya.
Viloyat hokimi Sayid Anvar Sodot xavfsizlikni ta’minlash xususida viloyat oqsoqollaridan yordam talabqilmoqda. U amaliyotlarda harbiylar qo’li baland kelayotganini tilga oladi.
“Besh viloyatda Tolibonning harbiy amaliyotlarini muvofiqlashtiruvchi Shayx Nido Muhammad Nadim halok bo’ldi. U juda xavfli terrorist edi”, - deydi hokim.
Taxor viloyati hokimiyati qilichga qilich bilan javob berildi, deya bayon qilmoqda. Prezident G’ani deydiki, terror xurujlarida aybdor deb topilgan jangarilar dorga osiladi.
Tolibon esa asirlarni o’ldirish qo’rqoqlik nishonasidir, deydi. Harakat afg’on harbiylariga qarshi jangni davom ettirishini bildirmoqda.