Breaking News

Toliblar muloqot o'tkazish uchun Pokistonga bordi


Tolibonning Qatar poytaxti Doxadagi idorasi
Tolibonning Qatar poytaxti Doxadagi idorasi

Tolibonning bir necha muzokarachisi tinchlik muloqoti istiqbolini muhokama qilish uchun Qatardan Pokistonga kelgan.

Uch kishilik delegatsiyaning tashrifi Kobul va Tolibon o'rtasida muzokaralarni yo'lga qo'yish uchun Islomobod olib borayotgan sa'y-harakat doirasida amalga oshmoqda.

Tolibon delegatsiyasi Shahobiddin Dilovar, Jon Muhammad Madni va Mulla Abbos Oxunddan iborat. Tolibon so'zlovchisi Pokistonga guruh vakillari yuborilganidan bexabar ekanini aytgan.

Isyonchi guruh bilan muloqotni boshlash yo'lida shu paytgacha amalga oshirilgan choralar muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Kuzatuvchilar navbatdagi tashrifni aloqalarni davom ettirish imkoniyatlarini o'rganish sari qadam sifatida baholamoqda.

Tolibon Qatar poytaxti Doxada idora ochgan. Bu yerdagi vakillar guruh rahbari Mulla Axtar Mansur ko'rsatmasi bilan ishlaydi.

Afg'oniston va Pokiston bo'yicha AQSh maxsus vakili o'rinbosari Jonatan Karpenterning 25-aprel kuni Islomobodga borishi shu uchrashuv bilan aloqador bo'lishi mumkin.

Karpenter tashrifidan ko'zlangan maqsad haqida AQSh rasmiylari hali izoh bermadi. Xitoy diplomatlarining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Pekin Tolibon delegatsiyasi bilan o'tkazilayotgan bu uchrashuvda qatnashmayapti.

Shu yil boshida Pokiston, Afg'oniston, AQSh va Xitoy afg'on yarashuv muloqotini tashkil qilish uchun to'rt tomonlama dialog boshlagan edi.

Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani mamlakat parlamentiga qilgan murojaatida Tolibonning zo'ravonlikni tark etgan va terrorchilar bilan aloqasini uzgan vakillari bilan gaplashishga tayyor ekanini, ammo muzokaralar Afg'oniston konstitutsiyasi doirasida o'tkazilishi lozimligini aytdi.

O'tgan yili iyulda muloqotning birinchi bosqichiga Pokiston mezbonlik qilgan edi. Ammo oradan bir necha hafta o'tib yarashuv jarayoni to'xtab qoldi. Tolibon asoschisi va yetakchisi Mulla Muhammad Umarning ikki yil avval vafot etgani va buning guruh a'zolari hamda jamoatchilikdan sir tutilgani fosh bo'lgach, jangarilarning yangi rahbariyati muzokaralarda qatnashishdan bosh tortdi.

Afg'on rasmiylarining da'vo qilishicha, Pokistonning razvedka idorasi Tolibon va Haqqoniy tarmog'ini maxfiy qo'llab-quvvatlaydi. Islomobod bu ayblovlarni inkor qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG