Afg’oniston hukumati Yevropa Ittifoqi va ittifoqning ayrim a’zolari bilan hozirda Gretsiyada qolayotgan afg’on qochqinlarini vataniga qaytarish haqidagi shartnomalarni imzolash arafasida.
Hujjatlarning to’la tafsilotlari hozircha noma’lum, ammo Kobul rasmiylarining “Amerika Ovozi”ga bildirishicha, Afg’oniston rahbariyati Yevropa Ittifoqidan inqirozni hal qilishda yordam, shu jumladan moliyaviy madad so’ramoqda.
"Yevropalik hamkasblarimiz bilan masalani muhokama qilyapmiz, muammoni hal etish uchun turli tashkilot va vazirliklar vakillaridan tarkib topgan qo’shma qo’mita tuzdik”, - deydi Afg’onistonning Qochqinlar va repatriantlar ishlari bo’yicha vazirligi so’zlovchisi Hafizulla Miaxil.
Minglab afg’on qochqinlari hozirda Gretsiyadan Yevropaning boshqa mamlakatlariga o’tishni kutmoqda. Ammo Turkiya va Yevropa Ittifoqi o’rtasidagi shartnomaga ko’ra, yaqinda Gretsiyaga yetib kelganlar Turkiyaga qaytariladi. Har bir qaytgan noqonuniy muhojir evaziga Turkiya qochqinlik maqomini olgan bir suriyalikni Yevropaga yuboradi.
Ammo afg’onlarning taqdiri mavhum. Fevralda Yevropa davlatlari hukumatlari afg’onlarni iqtisodiy muhojir deb belgiladi va bu bilan ularning Yevropada qolish imkoniyatlarini keskin chekladi. Turkiya esa afg’onlar vataniga qaytarilish-qaytarilmasligi masalasiga oydinlik kiritganicha yo’q. Oqibatda Gretsiyadagi afg’onlar va suriyaliklar o’rtasida ziddiyatlar vujudga keldi.
Afg’onlar vataniga majburan qaytarilmasligi aytilayotgan bo’lsa-da, rasmiy Kobul Yevropa bilan afg’onlarni qaytarishni muhokama qilmoqda va bu borada Yevropadan moliyaviy yordam so’ramoqda. Bungacha Yevropa Ittifoqi Turkiyaga muhojirlar inqirozini hal etish maqsadida 3 milliard dollar ajratgani aytilgan edi.
Xavfsizlik ta’minlanmagani afg’onlarni G’arbga quvmoqda
Vatanini tark etayotgan afg’onlar buning sababini mamlakatdagi qiyin ahvol va Tolibon tahdidlari bilan izohlaydi.
"Oliy ma’lumotliman, bir necha joyda ishladim. Afg’onistondan ketishimning sababi – xavfsizlikning ta’minlanmagani. Tolibon mamlakat hududining 50 foizini nazorat qiladi. Men o’zim xavfsizlik sohasida ishlaganman, shuning uchun buni yaxshi bilaman”, - deydi yaqinda Shvetsiyada yangi hayot boshlagan Aryon Aryo.
Afg’on mustaqil saylov komissiyasining sobiq xodimi Sayid Zafar Shoh Hoshimiyning aytishicha, Afg’onistondagi vaziyat odamlarni G’arbga quvmoqda, ammo Yevropaga yetib olish oson emas, ba’zilar yo’lda nobud bo’ladi.
"Qochqinlar markazlarida bo’ldim, afg’onlarning naqadar qiyin ahvolda ekanini o’z ko’zim bilan ko’rdim. Boshida vaziyat yaxshi edi, ammo qochqinlarni qabul qilgan markazlarning ko’pi yopilib ketdi”, - deydi Avstriyada boshpana topgan Hoshimiy.
Afg’on qochqinlari suriyaliklardan keyin ikkinchi eng ko’p sonli guruh. Ulardan keyingi o’rinda iroqliklar. Afg’oniston Qochqinlar va repatriantlar ishlari bo’yicha vazirligi so’zlovchisi Hafiz Ahmad Miaxilning bildirishicha, 2015-yilda 250 ming afg’onistonlik O’rta yer dengizi orqali Yevropaga o’tgan.
"Suriya va Iroq fuqarolari barobarida afg’onlar Yevropaga yo’l olgan qochqinlarning katta qismini tashkil etadi. Ular o’z hayotini xavfga solib, safarga chiqmoqda. 2015-yilda O’rta dengizidan o’tayotganda nobud bo’lgan 3400 odamning 12 foizi afg’onlar edi”, - deydi u.
Afg’on qochqinlariga achinish yo’q
Prezident Ashraf G’ani yaqinda Bi-Bi-Siga bergan intervyusida Afg’onistonni tark etayotganlarga achinmasligini aytgani ko’plarni g’azablantirdi.
"Afg’on hukumatining fikri, xususan prezidentning mamlakatni tark etayotganlarga achinmayman deyishi - haqorat. Afg’oniston hukumati eng asosiy va’dalari ustidan chiqa olmagani uchun odamlar mamlakatdan qochishga majbur”, - deydi Afg’onistondagi huquq faoli Sayid Maysam Ehsoniy.
Keskin tanqiddan keyin Afg’oniston rahbari ko’plab afg’onlar butun dunyo bo’ylab katta muvaffaqiyatlarga erishayotganini va ulardan faxrlanishini bildirib bayonot berdi.