Afg’oniston rasmiylariga ko'ra, "Al-Qoida"ga aloqador Haqqoniy tarmog’i bugun toliblarga yetakchilik qilmoqda.
Haqqoniylar Pokistonda panoh topgan va o’sha yerdan turib Afg’onistondagi xalqaro qo’shinlarga hujumlar uyushtiradi.
“Haqqoniy va al-Qoida – bir terror guruhining boshqa-boshqa nomlari xolos”, – deydi Afg’oniston Ichki ishlar vazirligidan Siddiq Siddiqiy.
AQSh va Afg’oniston rahbarlari anchadan beri Haqqoniy tarmog’ini Pokiston armiyasi va razvedka xizmati bilan aloqaga egalikda ayblab keladi. Guruh toliblar bilan yonma-yon jang qilgan, ammo yaqingacha mustaqil faoliyat yuritar edi. Biroq o’tgan yili uning rahbari Sirojiddin Haqqoniy Tolibon harakati yetakchisi Mulla Axtar Mansurning muovini deya e’lon qilindi.
NATO nazarida haqqoniylar hozirda mintaqadagi eng xavfli terror guruhi.
“Siroj Haqqoniy Tolibonda ikkinchi eng katta odam. Uning ahamiyati oshmoqda, deb hisoblaymiz. Tolibonning harbiy operatsiyalarida uning roli kundan-kunga kuchaymoqda”, - deydi AQSh armiyasi brigada generali, NATOning Afg’onistondagi missiyasi rahbari muovini Charls Klivlend.
“U o’z qudratini oshirishga harakat qilmoqda. Afg’onistondagi ayrim viloyatlarda hokimlarga ta’sir o’tkazishga urinmoqda”, - deydi Klivlend.
Haqqoniy tarmog’ining kuchayishi Kobul-Islomobod orasidagi rishtalarni yanada taranglashtirishi mumkin. Kobul qo’shni davlatdan guruhni yo’q qilishni so’rab keladi. Afg’on rasmiylarining bildirishicha, haqqoniylar 19-aprel kuni Kobuldagi portlashlarni uyushtirganini isbotlovchi dalillar bor.