Breaking News

Pokiston Afg’onistonga birodarlik qo’lini uzatdi


Afg'oniston Tashqi ishlar vaziri Zalmay Rasul (o'ngda) va Pokiston diplomati Sartoj Aziz (chapda), Kobul, 21-iyul
Afg'oniston Tashqi ishlar vaziri Zalmay Rasul (o'ngda) va Pokiston diplomati Sartoj Aziz (chapda), Kobul, 21-iyul
Pokiston Tolibon harakati bilan aloqalarini ishga solib, afg’on tinchlik muzokaralarini jonlantirishga hissa qo’shmoqchi. Kobulga tashrif buyurgan Pokiston rasmiysi “biz Afg’oniston parchalanishini istamaymiz” dedi.
Pokiston Afg’onistonga birodarlik qo’lini uzatdi/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:55 0:00
Yuklab oling

Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharifning xavfsizlik va tashqi aloqalar bo’yicha maslahatchisi Sartoj Aziz Kobulga tashrifidan maqsad – oradagi keskinlikni yumshatish hamda Karzay ma’muriyati va Tolibon o’rtasida muzokaralarni qayta boshlashga ko’maklashish.

“Afg’onistonga samimiy va do’stona tilaklar bilan keldim. Navoz Sharif boshliq yangi hukumat afg’on birodarlarimiz bilan rishtalarni yaxshilashga xayrixoh. Prezident Hamid Karzayni Pokistonga rasman taklif etayapmiz”, - deydi Sartoj Aziz.

Ma’lumki, Tolibon harakati yaqinda Qatarda ochgan siyosiy idorasini yopdi. Xalqaro koalitsiya Afg’onistonni tark etishi oldidan Qo’shma Shtatlar toliblar va prezident Karzayni murosa qilishga undayotgan edi.

Biroq idoraning ochilish marosimi nizoga sabab bo’lib, Karzay AQSh va Pokistonni Tolibon bilan til biriktirganlikda aybladi va Qatarga elchi yuborishdan bosh tortdi.

Shu tariqa, tinchlik muzokaralari hali boshlanmasdanoq yakun topdi. Afg’on rasmiylarining da’vo qilishicha, AQSh va Pokistonda Afg’onistonni etnik jihatdan bo’lib tashlash rejasi bo’lgan.

Obama ma’muriyatiga ko’ra, bu gaplar safsata. Pokiston diplomati Sartoj Aziz ham Kobulga safari chog’ida hech qanday maxfiy rejamiz yo’q, deya ishontirdi.

“Afg’oniston o’zini qanday boshqarishi, 2014-yildan keyin nimalarni ko’zlayotgani uning o’ziga havola. Biz bu masalaga aralashlaymiz”, - deydi mehmon.

Pokiston 2001-yilgacha Tolibon bilan yaqin aloqada bo’lgani barchaga ma’lum. Afg’on rasmiylarining gumoni shuki, Pokiston razvedkasi Tolibondan regionda o’z nufuzini yoyish uchun foydalanmoqda.

Sartoj Aziz so’zlariga ko’ra, Qatar poytaxti Doxaga Tolibon vakillari safarini uyushtirishda Pokiston yordam bergani rost. Lekin bu ish Afg’oniston Tinchlik Kengashining iltimosi bilan bajarilgan. Islomobod, shuningdek, Tolibon asirlaridan 26 nafarini ozodlikka chiqargan edi.

“Toliblar bilan aloqamiz borligini yashirmaymiz, lekin ularni nazorat ham qilmaymiz. Agar muzokarani olg’a surishda Pokistondan qandaydir yordam kerak bo’lsa, biz tayyor”, - deydi diplomat.

Sartoj Aziz tinchlik jarayoni muvaffaqiyatli kechishi Afg’onistonning o’ziga bog’liq ekanini alohida ta’kidlab o’tdi. Umid qilamizki, deydi u, prezident Karzayning Pokistonga safari ginalarni unutishga va ikki qo’shni orasida savdo-sotiq oshishiga xizmat qiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG