Afg'oniston matbuotini kuzatuvchi guruh xabariga ko'ra, xavfsizlik bo'yicha vaziyat og'irlashishi oqibatida o'tgan yili 300 dan ortiq jurnalist Afg'onistonni tark etgan. Ular orasida 1TV va Tolo kabi yetakchi telekanallar xodimlari bor.
Ayrim jurnalistlar 15-20 kishilik guruh bo'lib qochgan bo'lsa, boshqalari yolg'iz yoki oilalari bilan chiqib ketgan.
"Ular Turkiya va Gretsiya orqali Yevropaga borishga harakat qilishmoqda. Ayrimlari hozir Yevropada. Boshqalari esa Turkiya yoki Gretsiyada", - deydi matbuotni qo'llab-quvvatlovchi mahalliy nodavlat tashkilotlardan birining xodimi Sidiqulloh Tavhidiy.
Tashkilot mahalliy ommaviy axborot vositalari orasida so'rov o'tkazgan. Mamlakatni tark etgan jurnalistlar orasida 40-50 nafar ayol ham bor.
Tolibonning xudkushlik hujumlari
Shu yil 22-yanvar kuni Tolibon "Moby Group" media kompaniyasi xodimlarini olib ketayotgan avtobusga hujum qilishi oqibatida yetti kishi halok bo'ldi va 27 odam yaralandi. Ularning deyarli barchasi jurnalistlar. O'tgan 15 yil ichida matbuot vakillariga uyushtirilgan eng qonli xuruj sifatida baholangan bu hodisa ketidan ommaviy axborot vositalari xodimlari xavfsizligi borasida xavotirlar yanada kuchaydi.
Turkiyaga qochib ketgan va hozir Yevropaga borishni umid qilayotgan afg'onistonlik ayol jurnalistning aytishicha, ushbu xudkushlik hujumi ortidan oilasi unga ortiq ishlamaslikni aytgan. Ishimni tashlab, mamlakatni tark etishga majbur bo'ldim, deydi u.
BMT ma'lumotiga ko'ra, o'tgan yili 200 mingdan ortiq afg'on Yevropaga qochgan. Xavfsizlikning yo'qligi va ishsizlik migratsiyaning asosiy sabablari sifatida ko'riladi.
Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasining ma'lum qilishicha, Afg'onistonni tark etayotgan jurnalistlar soni haqida aniq ma'lumotlar mavjud emas, ammo so'nggi paytlarda yordam so'rab murojaat qilayotgan afg'onistonlik jurnalistlar soni oshgan.