Afg’oniston vitse-prezidenti General Abdul Rashid Do’stum haqida Amerika matbuotida yaqinda chiqqan maqolalar uning tarafdorlarini g’azablantirdi. “Nyu-York Tayms” gazetasining yoritishicha, generalga AQShga kelish uchun viza berilmagan. Do’stumning idorasi bu xabarni inkor etgan.
Do’stum azaldan urush jinoyatlarida gumon qilinadi va G'arbda bu borada oldin ham qator materiallar e'lon qilingan. "Nyu-York Tayms" ga ko'ra, general bu safar ham shu bois Amerikaga kiritilmayapti. Davlat departamenti masalaga oydinlik kiritishni istamaydi. Biroq xabar inkor etilmagan.
Afg’oniston shimolida jamoatchilik bu xabarlardan norozi. Do’stum mamlakatda bir necha millionni tashkil etuvchi o’zbeklar sardori. Tarafdorlar fikricha, ayb - gazetada. “Nyu-York Tayms” yolg’on xabar tarqatmoqda, deydi ular.
“Xorij matbuoti kattakonlarimiz o’rtasiga ziddiyatlar yaratmoqchi. General Do’stum xalqning mushkuli uchun Amerika da’vatnomasini rad etdi. Do’stum boshqa rahbarlardek emas. Matbuotda chiqqan narsalarni biz yolg’on deb bilamiz. Matbuotning bunday fitnalari General Do’stumni xalqidan uzoqlashtira olmaydi”, - deydi Muhammad Akrom Foiq, Do'stum tarafdorlaridan biri.
“General Do’stum oddiy bir odam emas. General Do’stum millionlab tarafdorga ega “Junbishi Milliy” partiyasi rahbari. Shimoliy viloyatlar aholisi, generaldan bu yerdagi xavfsizlikni yaxshilab keyin xorijiy safarga chiqishini so’ragan edi. General Do’stumning namoyandalari Amerikaga safar qilgan edi. O’zi xavfsizlik vaziaytiga qarab Amerikaga ketmadi”,- deydi o’zini Muhammad Horun deb tanishtirgan yana bir tarafdor.
“Nyu-York Tayms” General Do’stumga haqorat qilish bilan butun Afg’oniston xalqiga haqorat qilgan, deydi Sharofiddinbek degan o’zbek.
Bu masala ijtimoiy tarmoqlarda ham muhokamada.
“General Do’stum Amerika taklifini rad etar ekan, AQSh bundan g’azablandi”, - deb yozadi “Facebook” foydalanuvchilaridan biri.
Ayrim afg’onlar nazarida, generalga qarshi gaplarda ichki kuchlarning ham qo’li bor.
“Ba’zilar General Do’stumning so’nggi harakatlarini ko’rolmaydi. Menimcha, “Nyu-York Tayms”ning qilmishi juda ham muhim bir gap emas. Rahbarimiz General Do’stumga Amerika safaridan xalqining osoyishtaligi ahamiyatli. General Do’stum Amerikaga safardan ko’ra xalq tinchiligini afzal bildi”, - deydi Sadriddin Bashardo’st.
“General Do’stum qachon xohlasa Amerikaga ham boradi, Yevropaga ham boradi… Bu katta bir gap emas, lekin muhimi, Do’stum beshta tumanni Tolibon nazoratiga o’tishidan qutqazdi”, - deydi Sarvar Tobish ismli afg’on.
“Tolibon har kuni xat yo’llar edi. Juzijonning uchta tumanini bosib olamiz der edi. Biz bundan xavotirda edik. Qurbi yetadiganlar viza-pasport qilib xorijga ketdi. Har kuni tumanlarda otishma bor edi. Asir olingan harbiylarning boshi tanasidan judo qilinar edi. Biz General Do’stum oldiga borib bizni shu urushdan qutqaring, dedik. General Do’stum askarlari bilan kelib tumanlarni Tolibondan tozaladi. Bugun bu yerlarda Tolibonni ko’rmaysiz”, - deydi So’fi Quddus degan oqsoqol.
“Nyu-Yurk Tayms” bundan oldin ham General Do’stum haqida maqolalar chiqargan.
“Dunyo bo’ylab ommaviy axborot ishlarida kamchiliklar bor. Afg’onistonda bu tabiiy narsa. Axborot vositalari ikki tomonning fikrini o’rganib, xolislikni nazarda tutishi kerak. General Abdul Rashid Do’stum xalqsevar rahbardir, xalq orasidan chiqqan. Uning uchun xalqaro majlislardan ko’ra ham xalqning tinchilik ahamiyatli”, - deydi Hoji Alisher ismli tarafdor.
Do'stumning “Junbishi Milliy” partiyasi “Nyu-York Tayms” qonun oldida javob berishi kerak deya talab qilmoqda. Yolg’on ma’lumot tarqatgani uchun Afg’oniston va Amerika hukumati bu nashrdan batafsil javob olishi kerak, deydi Do’stum atrofidagi arboblar. Vashington rasmiylariga ko’ra esa viza shaxsiy masala va bu borada ommaga oshkor etilmaydi.