Afg’onistonda kichik biznesni rivojlantirish tashabbuslari davom etmoqda. Lekin hukumat kuchlari va jangarilar o’rtasidagi kurash ushbu jarayonga salbiy ta'sir qilayotgani aniq.
Shimoliy viloyatlarda hunarmandchilik keng tarqalgan. Jumladan, temirchilik qadimiy kasblardan hisoblanadi. Bu soha egalarining aytishicha, daromad tobora kamayib bormoqda.
Usta G'aybulloh 20 yildan beri temirchilik bilan mashg'ul. Buyum ishlab chiqarishda yetakchi. Shogirdlar tarbiyalagan. Biroq u hozirgi vaziyatdan qoniqmaydi. Mahsulotlarning bozori sust.
"Temirchilarning avlodlari boshqa kasblar bilan shug'ullanayapti. Shuning uchun temirchilar soni ozaygan. Bizning ishimiz yilning olti oyida yaxshiroq. Qishda esa ish ozayadi. Ish va daromad ozayishi odamlarning bu sohani tark etishiga sabab bo'ladi", - deydi usta.
Texnologiya boshqa kasblarga ham o'z ta'sirini qo'yganidek, temirchilk ishlarini ham osonlashtirgan. Turli foydali uskunalar bor.
Lekin zarari ham yetarli, deydi usta. Xorijdan kelayotgan narsalar ichki mahsulot bozoriga salbiy ta'sir qilmoqda. Ammo usta ishidan rozi.
"Temirchilik ota-bobomizdan qolgan kasb. Iloji boricha avlodlarimga o'rgatayapman shu narsani. Xudo xohlab, tinchlik ta'minlanib, ishlar yurishib ketsa, bizning sohamiz ham kengayadi degan umiddaman", - deydi G'aybulloh.
Yana bir usta Muhammad Akbarning aytishicha, hukumat kichik bizneslarni quvvatlamaydi. Temirchilardan olinayotgan soliqni kamaytirishsa yaxshi bo’lar edi, deydi u.
"15 yildan beri temirchilik bilan bandman. Bozor sust, daromad ro‘zg‘orga zo’rg’a yetadi. Boshqa ish yo'q. Yaxshiroq pichoq tuzatsak, 60 afg’oniy (0,8 dollar) xarajati bor. Buni 120 afg’oniy (1,6 dollar)ga sotamiz. Hukumatdan soliqni ozaytirishni so'raymiz. Bir do’konga 1100 afg'oniy (15 dollar) to'laymiz. Shuni 500 afg'oniy (7 dollar)ga tushirsin”,- deydi Muhammad Akbar.
Temir mahalliy xomashyo. Eski materiallar yig’iladi. Xorijdan kelayotgan temir qimmatga tushadi. O'zbekiston va Pokistondan ham temir olib kelishadi. Yangi temirdan yasalgan narsa qimmatroq. Lekin bunday mahsulotlarga ko’pchilikning qurbi yetmaydi, deydi ustalar.
Ularning aytishicha, temirchilik kasbi Hazrati Dovudga borib taqaladi.
Yasalayotgan buyumlar har bir jabha uchun kerakli va muhim. Ustalarning o’z kasbiga hurmati baland.